«O‘zmilliybank» jonbozligi bilan yangicha ko‘rk olgan saroy
Xivaning dunyoga mashhur Ichanqal’a majmuasi necha asrki sayyohlarni o‘ziga ohanrabodek tortib keladi. Qal’adan kunbotish tomonga besh yuz qadamcha yursangiz «Nurullaboy» saroyiga borasiz.
1893-1904 yillarda Xiva xoni Muhammad Rahimxon Soniy farmoni bilan qurilgan bu me’moriy obida Dishanqal’a hududida bo‘lib, o‘z vaqtida xonlar uchun yozgi qarorgoh vazifasini o‘tagan. Sharq va G‘arb me’morchiligi asosida qurilgan saroyga yondosh joyda chet ellik mehmonlarni qabul qilish uchun alohida qarorgoh bo‘lgan. Baland eshik va derazalar Xiva yaqinidagi Oqmachit qishlog‘ida yashagan nemislar tomonidan yasalgan. Yana o‘sha davr uchun yangilik tarzida golland rusumidagi pechlar ham qurilgan.
Obida vaqt kelib tarixiy vazifasidan ayro tushish asnosida me’moriy ko‘rkini yo‘qotish darajasiga borgan edi. Majmua davlat raxbarining 2017 yildagi tashabbusiga asosan Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki mablag‘lari hisobidan to‘la qayta ta’mirlandi. Prezidentning turizmni yanada rivojlantirish borasidagi qarorlari va 2017 yil 17 noyabrdagi «Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida saroyda xalq hunarmandligi namunalari ko‘rgazmasini tashkil etildi. Asrni qaritgan me’moriy obida asliyatni saqlagan holda tamomila yangilangan va yana ko‘plab asrlarni, avlodlarimiz va sayyohlarni o‘z ko‘rinishi, salobati bilan hayratga soladigan koshonaga aylandi.
Saroy ko‘p xonali. Ayni paytda xonalari keng – o‘ziga xos me’moriy bichimga ega. Aynan mana shu sifatlari bois saroyda tasviriy san’at va milliy hunarmandlik ko‘rgazmalari ochildi.
Rahima AZIMXO‘JAYeVA,
O‘zbekiston Tasviriy san’at galeriyasi bosh mutaxassisi:
— Nurullaboy saroyi har qanday ko‘rgazmalar uchun o‘ziga xos ajoyib maskan. Galeriya fondidan tashkil etiladigan va doimiy ravishda yangilanib turiladigan ekspozitsiyalar mahalliy tomoshabinlar va xorijlik sayyohlarni Milliy bankimizning boy to‘plami bilan tanishtirishda juda katta imkondir. A’lo darajada jihozlangan katta badiiy galeriyada fondimiz ixtiyoridagi qirqdan oshiq asarlar to‘plami namoyish qilinyapti.
Birinchi o‘zbek suratchisi va kinooperatori Xudoybergan Devonov Xivada tug‘ilgan va umri shu yerda kechib, o‘zidan juda katta milliy boylik qoldirgan. Nurullaboy saroyida ilk o‘zbek foto va kinooperatori Xudoyberdi Devonov ijodi va faoliyatiga bag‘ishlangan fotogaleriya ham ish boshlagan. Galeriyada o‘tgan asr boshlari va uchinchi o‘n yilligacha bo‘lgan davrda Xorazmning tarixi, odamlari, an’analari, urf-odatlari aks etgan noyob suratlar namoyish qilinyapti.
Muqaddam O‘zbekistonning birinchi fotografi va kinochisining fondi Ichanqal’adagi kichkina bir binoning torgina ikki xonasida joylashgan edi.
Jahongir TEMIRXO‘JAYeV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori:
— Milliy bank tomonidan Nurullaboy majmuasida tashkil qilingan qabullar uyi, amfiteatr bilan bir qatorda faoliyat boshlagan xalq hunarmandligi ustaxonalari ko‘p asrlik tariximiz guvohi bo‘lgan osori-atiqalarni asrash bilan bir qatorda, ajdodlarimiz san’at darajasiga ko‘targan hunarmandlikka yoshlarni qiziqtirish, o‘rgatish, an’analar bardavomligini saqlashga xizmat qiladi.
Ilgari Ichanqal’adagi ko‘kka bo‘y cho‘zgan Islomxo‘ja minorasi shaharning o‘ziga xos ramzi sanalardi. Bugun bu ramz yoniga Nurullaboy majmuasi ham qo‘shildi va bu atama dunyoning barcha tillarida talaffuz qilinib, o‘ziga xos targ‘ibot vositasiga aylandi. Nurullaboy saroyi orqali qadim Xiva yana bir bitmas-tuganmas milliy boylik egasiga aylandi.
Hali yurtimizda bunday «ochilmagan qo‘riq»lar qancha? Ularni ochayotgan va ikkinchi umr baxshida qilishda o‘z moliyaviy ko‘magini ayamagan «O‘zmilliybank»ning sayi-harakatlari tahsinga loyiq.
Ro‘zimboy HASAN
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter