Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zmilliybank» AJ va XDTB 2 milliard yuanga teng kelishuv imzoladi

«O‘zmilliybank» AJ va XDTB 2 milliard yuanga teng kelishuv imzoladi

2025 yilning 25 aprel kuni Pekin shahrida «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJ («O‘zmilliybank» AJ) va Xitoy Davlat Taraqqiyot Banki (XDTB) o‘rtasida 2 milliard yuan (274 million dollar ekvivalenti) miqdorida kredit liniyasini jalb qilish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Mazkur bitim 2025 yilga mo‘ljallangan davlat investitsiya dasturini amalga oshirish doirasida imzolangan bo‘lib, unga ko‘ra «O‘zmilliybank» AJga xalqaro moliya institutlaridan umumiy qiymati 1,2 milliard dollar ekvivalentida kredit liniyalarini jalb qilish vazifasi yuklatilgan.

Kelishuvning imzolanishi O‘zbekiston bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida o‘rnatilgan strategik sheriklik munosabatlari, ayniqsa, 2025 yil kuzida Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ga a’zo davlatlar davlat rahbarlarining sammiti oldidan muhim voqea bo‘ldi.

Joriy yilda Xitoy Xalq Respublikasi – ShHTga, XDTB esa tashkilotning Banklararo birlashmasiga raislik qilgan holda Xitoy nomidan ShHTning moliyaviy platformasida muvofiqlashtiruvchi bank vazifasini bajaradi.

Imzolangan kelishuv «O‘zmilliybank» AJ va XDTB o‘rtasidagi strategik hamkorlikning yangi bosqichini anglatadi hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha turtki berishi mumkin.

Jalb qilinadigan mablag‘lar O‘zbekistondagi ustuvor investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, jumladan, transport va turizm infratuzilmasini rivojlantirish, uy-joy qurilishi, xizmat ko‘rsatish, muqobil energetika, zamonaviy tibbiyot muassasalarini qurish, aeroportlarni modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladi, shu bilan birga kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 16 dekabrdagi aholi bandligini ta’minlash va ularning daromadlari darajasini oshirish bo‘yicha berilgan topshiriqlarning amalda bajarilishiga xizmat qiladi.

Ushbu kredit liniya Xitoy yuanida taqdim etilmoqda va bunda Sinosure eksport-kredit agentligi ishtiroki va O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolati talab qilinmaydi, bu esa mamlakatimiz moliyaviy barqarorligiga ishonchning yuqori darajasidan dalolat beradi hamda «O‘zmilliybank» AJning ishonchli hamkor sifatidagi maqomini tasdiqlaydi.

Ma’lumot uchun:

Xitoy Davlat Taraqqiyot Banki 1994 yilda tashkil etilgan va mamlakatning eng yirik siyosat banklaridan biri hisoblanadi. Bankning asosiy vazifasi davlat strategiyasi doirasida, jumladan, infratuzilma, energetika va sanoat sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirishdan iborat. XDTB «Bir makon -bir yo‘l» tashabbusi va ShHT dasturlari doirasidagi loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etadi.

XDTBning asosiy ko‘rsatkichlari: aktivlar - 2,6 trillion dollar, kapital - 236 milliard dollar, sof foyda - 12,3 milliard dollar. XDTB birinchi darajali xalqaro kredit reytinglariga ega: S&P (A), Fitch (A+) va Moody’s (A1).

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring