Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ozishni boshlovchilarga diyetologdan yetti maslahat

Ozishni boshlovchilarga diyetologdan yetti maslahat

Foto: «Zen.yandex.ru»

Diyetolog Reychel Pol vazn tashlamoqchi bo‘lganlarga yettita oddiy maslahatni berdi. Uning so‘zlarini NDTV keltirib o‘tgan.

Shifokorning ta’kidlashicha, ozish murakkab va azobli jarayonga aylanmasligi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, muhimi odam o‘zini ochlik bilan qiynamasdan, ovqatlanish tizimini ishlab chiqishi zarur.

Birinchi navbatda, Pol taomnomani oldindan rejalashtirishni tavsiya etadi: eng yaxshisi, bir haftalik ovqatlanish rejasini oldindan o‘ylab qo‘yish kerak. Boshlovchilarga diyetolog keyingi kun uchun taomnoma tuzishni maslahat beradi: oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish yoki taomni oldindan tayyorlab qo‘yish kifoya.

Nonushta va tamaddiga, shifokorning fikricha, yog‘ va oqsilga boy taomlar, masalan, tuxum, losos va avakadoni tanlagan ma’qul. Tushlik va kechki ovqatga idishning yarmini sabzavotlar tashkil qilishi darkor. Chunki ular kletchatka, vitaminlar va foydali ozuqaviy moddalarga boy.

Uglevodlarga boy mahsulotlarga kelsak, Pol eng yoqtiradiganlarini tanlashni maslahat beradi. Foydali uglevodlarning manbalari: yasmiq, dukkaklilar, meva-sabzavotlar, qo‘ng‘ir guruch, kinoa, bug‘doy va suli. Diyetologning ta’kidlashicha, ushbu oziq-ovqat mahsulotlar porsiyasi oz bo‘lishi kerak, ammo ularni taomnomadan butunlay chiqarib tashlab bo‘lmaydi.

Diyetaning boshida shifokor oziq-ovqatdagi cheklovga moslashish va birinchi haftadayoq diyetani buzib qo‘ymaslik uchun ozroq kaloriya tanqisligini yuzaga keltirishni tavsiya etadi. Shuningdek, odam o‘zini o‘rganishi, qaysi vaqtda ko‘proq yeyishni xohlashini aniqlab olishi muhim. O‘sha paytda yong‘oq, pista, yunon yogurti yoki tvorog bilan tamaddi qilib olsa bo‘ladi.

Ozishda psixologik omil katta rol o‘ynaydi: agar odam o‘ziga ovqat bilan tasalli berishga odatlanib qolgan bo‘lsa, u sekin-asta bu odatini tashlashiga to‘g‘ri keladi. Pol buning boshqa chorasini topishni maslahat beradi: shokolad yeyish o‘rniga sayr qilish, suzish, do‘stlar bilan suhbatlashish yoki biror-bir yoqtirgan mashg‘ulot bilan shug‘ullanish mumkin.

Diyetologning ta’kidlashicha, ushbu maslahatlarga amal qilishdan tashqari, kun davomida vaqti-vaqti bilan chigalyozdi mashqlarini bajarish va muntazam sport bilan shug‘ullanish zarur. Yetarlicha uxlash, stressni kamaytirish, tamaki va spirtli ichimliklardan saqlanish ham vazn tashlash bo‘yicha samarali rejaning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring