Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zimizning ham aybimiz bordir?

O‘zimizning ham aybimiz bordir?

Foto: «Xabar.uz»

Masjiddan hadiksirash mumkinmi?

Mumkin bo‘ldi...

Keyingi savol: bu qanday mumkin bo‘ldi?

Qanday qilib «Allohning uyi», «omonlik yeri» deb sifatlangan dargoh bir toifa insonlarning hadikiga sabab bo‘lyapti?! Nega bu dargohga tashrif buyurish xatarlar bilan bog‘lanayapti?!

Bu savollarni berishning o‘zi o‘ta mudhish hodisadir. Bundanda mudhishroq savollarning o‘zi bo‘lmasa kerak. Ammo, modomiki voqelik shu savollarni berishni taqozo qilayotgan ekan, ularni o‘zimizga beramizda, chuqur nafas olib, javob izlaymiz.

Islom dinini yomonotliq qilishga hazilakam kuch va mablag‘ sarflamayotgan, kallakesar guruhlarni atayin tuzib qo‘yib, ularning qilmishlarini «musulmonlarning qilmishi» qilib dunyoga ko‘rsatayotgan kuchlar haqida avval birmuncha so‘zlagan edik. Insoniyatdan haqni berkitish yo‘lida unga – haqqa loy chaplashga urinayotganlarning harakati meva berib dunyoning turli chekalarida Islom va musulmonlarga, Islom shiorlariga nafrat ko‘zi bilan qaraladigan bo‘lib qolgani haqida gaplashgan edik. Bu mavzu dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q, ammo bugun bu haqda gapirmaymiz, bugungi mavzu – o‘zimiz.

O‘zimiz

Nega bizdan qo‘rqishadi? Nega sal qanotimizni yoya boshlasak ko‘plarning ko‘ziga xumo qushi emas, balki go‘shtxo‘r qirg‘iy bo‘lib ko‘rina boshlaymiz? Balki bunda nafaqat tashqi kuchlar – o‘zimizning ham aybimiz bordir?

Nega «musulmon» deganda odamlarning ongida zehniyati yuksak, ziyoliy, har bir mavzuda bosiqlik bilan fikr yurita oladigan, vazminlik bilan bahs eta oladigan, haliym, yorqin odobi bilan ajralib turuvchi inson emas, balki so‘kong‘ich, hislarini jilovlay olmaydigan, voqelik hisobini qilishdan ojiz, provokatsiyalarga uchuvchan, ozgina bilganini bor haqiqat deb biluvchi insonlar gavdalanadigan bo‘lib qoldi?

Bizga o‘rnak qilib yuborilgan siymo zot – Allohning elchisi alayhissalom shundaymidilar?...

Nega «musulmon» deganda ilmiy kashfiyotlar yoxud iqtisodiy fanlar borasida so‘z yuritilganda bir og‘iz gap aytolmaydigan, ammo gunohkorlarni jazolash mavzusi ochilganda shiddat va shijaot ila so‘z qiladigan, shu bilan birga hech bir mavzuning mohiyatini ochib berolmaydigan, vaqtini esa ko‘proq oldi-qochdi, yengil-yelpi gap-so‘zlarga ketakazadigan kishi o‘zgalarning ko‘z o‘ngida gavdalanadigan bo‘lib qoldi?

Islom va musulmonlardan hadiksirash (islomofobiya)ning yuzaga kelishiga nafaqat o‘zgalar – o‘zimiz ham yetarlicha hissa qo‘shib kelmayapmizmi? Dinimizning ziddiga urinayotganlar bilan joyi kelsa bir safda yurib, odobsizligimiz, so‘kong‘ichligimiz, johilligimiz bilan dinimizga zarar yetkazmayapmizmi?

Eng mukammal odobni yer yuzida yoyishga mas’ul bo‘lgan ummat nomiga bizning bugungi kayfiyatimiz qay darajada to‘g‘ri kelyapti?

Savollar shodasi

Kim bizga musulmon kishi so‘kinishi mumkin dedi o‘zi? Rasul alayhissalomda bu narsa bormidi? U kishidan o‘rnak oluvchi ummat o‘laroq bizlarning so‘kong‘ichligimiz kimga tuhmat bo‘lib qolayotganini anglayapmizmi?

Hatto mushrikning butini so‘kishdan qaytarilgan, har qanday bahsni chiroyli uslubda, ma’nolar bilan qurollanib olib borishga buyurilgan ummat – biz nega hislarimizni tashga chiqarayotganda din va ummatning obro‘yini o‘ylamaymiz?

Nega o‘zgalar bizga qarab ommatan Islom va musulmonlar haqida xulosa qilishini esimizdan chiqaramiz? Olamdagi eng mukammal odobni o‘ziga singdirib, o‘zgalarga ulashish zimmasida bo‘lgan qavm ekanligimiz esimizdan chiqdimi?

Islom ummati Amerika hindulari emas!

Ohirgi vaqt mobaynida ijtimoiy tarmoqda biz – ahli din yozayotganlarimizdan tegishli xulosalar chiqarildi. Xulosalarning hammasi ham ijobiy bo‘lmadi. Haq-huquqlarimizni tiklash uchun qilgan urinishlarimiz ko‘proq shovqin-suronchi olomonning to‘palonini eslatdi, haq dinning haqiqatlarini barchaga ochib berishga urinish ko‘rinishini olmadi. «Da’vat»imiz o‘zgalarga yangi ma’nolarni ochib berish emas, balki «bizga haqqimizni bering» kabi jo‘n luqma ko‘rinishini oldi.

Bunday manzara to‘g‘rimi? Yo‘q, to‘g‘ri emas! Islom ummati Amerika hindulari edimiki, xossatan o‘z fuqaroviy haq-huquqlari uchun shovqin-suron qilib kurashadigan maqomda bo‘lsa?! Yo‘q, Islom ummati Haq taolo – Yaratganning insoniyatga to‘g‘ri yo‘nalishni ko‘rsatish, barcha hayotiy sohalarni to‘g‘ri algoritmga keltirish, bani odamni ma’nolar ila ko‘zini ochish uchun yuborgan ta’limotini yaxshi o‘rganib, hammaga tanitish vazifasidagi ummatdir. Har bir yutuqqa shovqin-u chang ko‘tarish bilan emas, balki latif ma’nolarni ochib berish bilan erishishga, aynan teran ma’nolar ila odamlarga ta’sir etishga safarbar etilgan ummatdir.

Biz buni yodimizdan chiqarib qo‘ydik, o‘zimizni qaysidir bir mazlum qabiladek his etyapmiz va shunga monand ravishda o‘zimizni tutyapmiz – shovqin-suron va hushtakbozlik qilyapmiz. Maqomimizga qaytaylik!

Maqomga qaytish

O‘zni to‘g‘ri tutish voqelikni anglash bilan bo‘ladi. Zero harakat voqelikka nomuvofiq kelsa natija hosil bo‘lmaydi. Nafl namoz qanchalik savobli amal bo‘lmasin, uyingizga o‘t tushganda namozdan chalg‘ib o‘tni o‘chirishingiz vojib bo‘ladi. Bu – voqelikni to‘g‘ri baholashning jo‘n misoli.

Yashab turgan voqeligimiz ham o‘ziga xosdir. Uning o‘ziga xosligi – jamiyat ongida ko‘plab ma’nolar o‘z joyidan siljib ketib, teskari ma’no kasb etganidadir. Musulmon ummatining hozirda lozim bo‘lgan maqomi – man’nolarni o‘z o‘rniga qo‘yishda jamiyatga yordam bermog‘i, jamiyatning ko‘zini ochmog‘idir. Aynan shunday – ma’naviy-ma’rifiy-intellektual faoliyat haq ta’limot sohiblariga yarashadigan faoliyatdir va shu tobdagi vazifasidir. Va aynan shu vazifani bajarmaslik ummatning – vazifasini bajarmayotgan ummatning tang holatda qolaverishi uchun yetarli asosdir. Zero o‘z vazifasini bajarmagan ummatning ishi rivojga yuz tutishi hali ko‘rilmagan.

«Faollik» so‘zini qanday tushunamiz?

Mazlum hindularning o‘z haq-huquqlari yo‘lidagi faolliklari bilan musulmonlarning – najot bo‘lib kelgan ta’limot egalarining faolliklari turlanishi kerak – o‘rtasida mohiyatan katta farq bo‘lmog‘i lozim. Bo‘lmasa, bo‘lmaydi. Bo‘lmasa ilohiy ta’limotga – ma’naviy-mantiqiy malham o‘laroq nozil bo‘lgan dinga nisbatan haqorat bo‘lib qoladi. Inchunun ahli musulmonning faolligi maqomlariga monand ravishda – ma’nolar jabhasida, dunyoqarashlarni tuzatish, mantiqlarni joyiga keltirish doirasidagi faollik bo‘lmog‘i kerak. Aynan shu sohada erishilgan har bir muvaffaqiyat ummatning boshiga keladigan har bir yaxshilikka sabab bo‘lsa ne ajab! Hozircha esa biz aksar shovqin ko‘tarayapmiz, xolos.

Novatorlik

Islom dini yer yuziga eng katta novatsiya bo‘lib keldi!

Shu asnoda insoniyat o‘sha paytda aqli bovar qilmagan, xayoliga sig‘dirolmagan narsalarga duch keldi. Ijtimoiy tenglikni xayoliga ham keltirmagan insoniyatga «har bir inson kelib chiqishi, boy-kambag‘alligi, terisining rangiga qaramasdan tengdir» degan tamoyilni Amerika otalari emas, balki aynan Islom dini 1400 yil avval e’lon qildi va shu asnoda bani odam haqiqiy demokratiya haqida tushunchaga ega bo‘ldi. Tabiatni o‘rganishni shaytonga xizmat qilish deb atagan Xristian cherkoviga raddiya o‘laroq Islom dini atrof-dunyoni o‘rganishga chaqirdi va shu asnoda ilm-fan yuzaga keldi. Islom dini keltirgan mazkur ikki narsadan – demokratik jamiyat va ilm-fandan yuz ugirish natijasida musulmonlar tanazzulga uchradilar va aynan shu ikki narsani musulmonlardan qarab o‘rgangan g‘ayridinlar rivojga yuz tutdilar.

Endilikka kelib insoniyatning «ko‘zi o‘rganib qolgan», sivilizatsiyani oldinga surgan omillarning asos-manbayi g‘arbliklarning topqirligi emas, balki ilohiy ta’limot – Islom dinidir. Ammo musulmonlarning ahvoli, qanchalik ular «Islom bizning dinimiz!» deb hayqirmasinlar, o‘nglanmayapti. Nega?

Islom bizning dinimizmi?

Albatta, har bir musulmonning dini Islomdir. Ammo «Islom bizning dinimiz», «dinimiz Islom» kabi so‘zlar yangraganda ko‘pincha kishilar o‘zi bilmagan-tanimagan narsani o‘ziniki qilib olgandek tuyulaveradi.

Diniy ramzlarga burkanib olib, ammo jindek latif ma’noga duch kelganda tushunolmay chekinadigan bo‘lib qolgan bizlar, o‘zining ustida ishlamaydigan, vaqtini kitob o‘qishga emas, balki latifa-yu hangomalarga, ulfatchilig-u bazmxo‘rlikka bag‘ishlaydigan bo‘lib qolgan bizlar «insoniyatning ko‘zini ochuvchi ummat» maqomiga qanchalik to‘g‘ri kelamiz, bu ahvolimizda «Islom bizning dinimiz!» deyishimiz qay darajada o‘rinli?

Kreativlik – tiriklik alomati

(Ajnabiy so‘zlarni atay ishlatyapman – dunyo iste’molida bo‘lgan so‘zlarni bilishimiz kerak).

Islom dini haqida tasavvur omma ongida uning asliga birmuncha zid bo‘lib qolgani e’tiborimiz markazida bo‘lmog‘i lozim. Mazkur holatni o‘zgartirish uchun esa shakllangan stereotiplarni – ongsiz ravishda o‘zlashtirilgan tushunchalarni ketkazish, joyi kelganda buzib-sindirish lozim bo‘ladi. Bunga esa faqat kreativ (ijodiy) intellektual-ilmiy urinish bilan erishiladi. Noto‘g‘ri tushunchalarni yengishning yagona uslubi ularning o‘rniga to‘g‘ri tushunchalarni keltirish, katta-yu kichikning dunyoqarashida o‘zgarish hosil qilishdir.

Hozirdagi bizga lozim bo‘lgan maqom – ma’nolar ustida ishlash (shovqin ko‘tarish emas). Yangi voqelik aynan yangi uslublarni izlashni taqozo qilyapti. Avval qo‘llangan uslub va iboralar ko‘p marotaba o‘rinsiz, ilmsiz, ixlossiz ishlatilganligi bois halq ongida birmuncha siyqasi chiqqani, ta’sir kuchini yo‘qotib qo‘ygani sababidan hozirgi bosqichda biroz yangi so‘z va uslublar zarur ekanligini anglamog‘imiz zarur. Dinni o‘ziga xos tarzda, «eskilik» deb qabul qilishga odatlanib qolgan ommaning tafakkurini tubdan o‘zgartirish uchun aql va iste’dodlar – ichki zahira safarbar etilmog‘i zarur. Shu o‘rinda tanazzul paytida imom G‘azzoliy rahmatullohi alayhning ko‘rsatgan bu yo‘sindagi shaxsiy qahramonliklarini – misli yo‘q ijodiy-intellektual  urinishlarini – stereotiplarni buzib tashlaganlarini eslamoq lozim. Bizdan shunday shijoat va... samimiyat talab etilmoqda.

Eski, tayor uslublarni ko‘r-ko‘rona ishlatishda davom etishimiz esa shijoatsizligimizning, o‘z ustimizdan ishlashni xohlamaganligimizning darakchisi bo‘lib qoladi...

Istito’a

O‘tkan 100 yilda bir nechta avlod almashindi va bu oraliq vaqt mobaynida yangi formatsiya – o‘ziga xos dunyoqarashli omma yuzaga keldi. Bu davr mobaynida ko‘plab ongsiz ko‘nikmalar xalqning ongiga joylashdi. Buni albatta hisobga olish kerak. Masalan, hozirda yuz berayotgan ba’zi kelishmovchiliklarning asl sababi chuqur mafkuraviy ziddiyat emas, balki aynan sodda (primitiv) stereotiplar – ko‘z o‘rganmagan narsalarni ko‘rib seskanish – estetik shok olishdan bo‘lyapti. Bu ongsiz ravishda sodir bo‘ladigan holat bo‘lib, sekinlik bilan, aynan sekinlik bilan muolaja qilinadigan narsadir.

Ommaning istito’asini shaksiz hisobga olish kerak. Zero buni hisobga olmaslik seskanish holatlariga olib keladi. Har qanday shok holati esa shokka qarshi mexanizmlar ishlab ketishini, qarshi harakatni taqozo qiladi. O‘zaro tushunishdan, murosadan va ma’naviy ozuqalanishdan esa uzoqlashtiradi. Bu esa ayni zarardir.

Nechog‘lik qusurli bo‘lmasin mazkur dunyoqarashni ilmiy tahlil qilish, u haqda yaxshi tasavvurga ega bo‘lish va u bilan muomala qilishning ilmiy asoslarini ishlab chiqmoq kerak. Ilmiy yondashilmagan ishda baraka yo‘q, zero bu qorong‘u xonada harakatlanish bilan barobardir.

Ilmiy yondashuv

Ilm faqat kitoblarda mujassam bo‘lgan narsa emas, balki voqelik bilan munosabatga kirishish asnosida doim – uzluksiz to‘ldirib boriladigan narsa ekanligini, ilmiy izlanishdan to‘xtash esa tanazzul sababi ekanligini nihoyat yodimizga olishimiz kerak.

Mavjud voqeligimizning tafsilotlarini bo‘laklarga bo‘lib, alohida o‘rganishimiz (analiz) va keyinchalik qayta yig‘ib (sintez) voqeligimiz to‘g‘risida yaxlit tasavvur – ilm hosil qilishimiz lozim. Va shu asnoda o‘sha – o‘ziga xos dunyoqarashga ega bo‘lgan omma xalqimiz bilan munosabatga kirishishning to‘g‘ri tartibini ishlab chiqmoq, istito’asini puxta bilmoq kerak. Zero Islom – ilm dini.

Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, bizdan samimiyat va ixlos ila izlanish talab etiladi. Va so‘zimiz qanchalik kuchli va ishonchli bo‘lsa, va natijaga olib kelsa, katta-yu kichik, shohu-gado so‘zimizdan ta’sirlansa, shunchalik o‘zimizga yengillik keladi.

O‘ziga xos sinov bu. Har doimgidek.

Muhammad Shakur

 

Manba: azon.uz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring