Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shotlandiyani tarixda ilk bor musulmon siyosatchi boshqaradi

Shotlandiyani tarixda ilk bor musulmon siyosatchi boshqaradi

Foto: AP

27 mart kuni pokistonlik muhojir farzandi bo‘lgan Humza Yusuf Shotlandiya milliy partiyasi (SNP) raisi etib saylandi. 37 yoshli siyosatchiga partiyadoshlarining 52 foizi ishonch bildirgan.

Shu tariqa Humza Yusuf Shotlandiya tarixidagi ilk musulmon yetakchi sifatida tarixga kirmoqda. Bugun, 28 mart kuni parlament uni Shotlandiyaning birinchi vaziri sifatida tasdiqlashi kutilmoqda. 

Avval xabar berganimizdek, Shotlandiyaning birinchi vaziri va milliy partiya yetakchisi Nikola Sterjen joriy yil fevral oyida 8 yillik rahbarlikdan so‘ng iste’foga chiqishini e’lon qilgan edi.

Iqtidordagi partiya yetakchiligi uchun saylov 13 mart kuni boshlandi. Ovoz berish jarayonida Humza Yusuf sobiq moliya vaziri Keyt Forbs va sobiq jamoat xavfsizligi vaziri Esh Riganni ortda qoldirgan holda raislikka saylandi.

Humza Yusuf 1985 yili Glazgo shahrida pokistonlik muhojir oilasida tug‘ilgan. Glazgo universitetida siyosatshunoslik yo‘nalishida  tahsil olgach, davlat boshqaruvi tizimida karera qurishga kirishgan. Nikola Sterjen hukumatida adliya, sog‘liqni saqlash vaziri kabi mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan. U 2011 yilda Shotlandiya parlamenti deputatligiga saylanganida ingliz va urdu tilida qasamyod qilgan.

Shotlandiya milliy partiyasining yangi raisi Buyuk Britaniya tarkibidan ajralib chiqish va mustaqillik uchun kurashni asosiy maqsad o‘laroq e’lon qilgan.

2014 yili Shotlandiyada mustaqillik uchun referendum o‘tkazilgan. O‘shanda ko‘pchilik elektorat suverenitet g‘oyasini rad etgan. Shotlandiya Angliya bilan ittifoq tuzganiga ko‘p zamonlar bo‘ldi, 1707 yilda ikki o‘lka yagona qirollikka birlashgan edi. Ammo asrlar o‘tsa-da, umumingliz ruhi shotland millatparvarligini yutib yubora olmadi.

Humza Yusuf boshchiligidagi yangi ma’muriyat yana bir bor referendum o‘tkazishga urinib ko‘radi.

Siyosatchi OAVga bergan intervyusida Glazgoda kechgan bolalik davrida irqiy kamsitishlarga duchor bo‘lganini xotirlagan. Shunga ko‘ra u yangi lavozimda etnik ozchilik vakillari huquqini himoya qilish yo‘lida ham jonbozlik ko‘rsatishini ta’kidlagan.  

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring