O‘zgarish qilmagan viloyat hokimlari ishdan olinadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash va zaxirasini yaratish masalalari yuzasidan o‘tkazilayotgan yig‘ilishda Andijon, Buxoro, Xorazm viloyatlari yerlardan samarali foydalanib, 3 martagacha hosil olib, ichki bozorni ta’minlash bilan birga eksportini 1,5 baravarga oshirgani ta’kidlandi.
Islohotlar natijasida respublikada parranda go‘shti, tuxum, baliq, guruch mahsulotlari bilan ta’minlash darajasi ancha yaxshilandi.
Misol uchun, so‘nggi 3 yilda:
- baliq yetishtirishni Andijon 4 ming tonnadan 25 ming tonnaga, Buxoro 3,5 ming tonnadan 23 ming tonnaga oshirgan;
- parranda go‘shtini Samarqand 22 ming tonnadan 100 ming tonnaga, Toshkent viloyati 31 ming tonnadan 90 ming tonnaga yetkazgan;
- tuxum ishlab chiqarishni Sirdaryo 127 million donadan 200 million donaga, Namangan 480 million donadan 700 million donaga, Farg‘ona 350 million donadan 600 million donaga ko‘paytirib, to‘liq o‘zini-o‘zi ta’minlayapti.
Lekin, ayrim viloyat hokimlari bu ishlarni to‘g‘ri tashkil qila olmagani qayd etildi.
«Nima, bu viloyat hokimlari hududiga qancha oziq-ovqat yetishmasligi, qancha import kirayotganini bilmaydi-mi?», deya savol qo‘ydi Prezident.
Ichki bozor 25 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari importiga bog‘liq bo‘lib qolayotgani qayd etildi.
Prezidentimiz bu holatni qattiq tanqid qilib, mutasaddilarga viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga bir oy muddatda ushbu 25 turdagi import mahsulotlarini o‘zimizda ishlab chiqarib, ko‘paytirish bo‘yicha loyiha paketlarini taqdimot qilib, hukumat qarorini chiqarish topshirildi.
Kelgusi yil olti oy yakuni bilan bu borada o‘zgarish qilmagan viloyat hokimlari ishdan olinishi ko‘rsatib o‘tildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter