O‘zgacha iltifot (hajviya)
Eshmat 45 yoshda. To‘rtta farzandi va bitta xotini bor. Ular qishloqda yashashadi. Xorij kinolariga ishqiboz akamiz anchadan beri bir narsani amalga oshirishni o‘ylaydi-yu, hech jur’ati yetmaydi.
Xullas, mehribon er xotini uchun tayyorlagan nonushtani yotoqxonaga olib kirib berish sahnalari tinchlik bermasdi, unga. Bir tomondan ayolini lol qoldiray deydi-yu, boshqa tomondan qaralsa, ja-a-a g‘alati-da. Shunday paytda o‘zini tashqaridan ko‘rmoqchi bo‘ladi, xuddi kinodagidek. Qarasa, beo‘xshov qorin qo‘ygan, tepakal va katta mo‘ylovli erkak patnis ko‘targancha oyoqlari uchida yotoqxonaga kirib ketyapti. Syurprizdan oldin xotini uyg‘onib ketsa bo‘lmaydi-da. Qolaversa, bolalari otasini bunday ahvolda ko‘rsa, noto‘g‘ri tushunishlari mumkin...
Xayol surarkan, go‘yo ulardan kimdir xabardor bo‘lib qolishidan cho‘chigandek atrofga qarab-qarab qo‘ydi. Xayriyat, hech kim sezmadi. Ichki kurashda baribir yostiqdoshiga o‘zgacha iltifot ko‘rsatish xohishi ustun keldi. Tayyorgarlik ishlari bir kun oldin, kechki payt boshlandi. Eshmat aka uydagilarga bildirmasdan do‘kondan qimmat shokolad, allambalo qahva, o‘zlari kamdan-kam ishlatadigan qog‘oz salfetka va yana nimalardir xarid qildi. Uyga kelsa, anchadan beri mehmon bo‘lishni va’da qilib yurishgan qaynota-qaynonasi kelibdi. Qanday xursandchilik. Ammo ertangi reja nima bo‘ladi? Bu yog‘i endi tavakkal. Qaror qat’iy. Va u ijro uchun qabul qilingan.
Kechagi xarid yashirilgan joydan olindi. Kap-katta patnisga bir amallab nonushta tayyorlandi. Rejaning bu qismi har qalay oson kechdi. Murakkabi oldinda: ko‘pchilik barvaqt turadigan uyda bildirmasdan yotoqxonaga kirib ketish. Ha, aytgancha, akamiz kuyib-pishib oshpazlik qilayotganda uning qaynonasi bildirmaygina tashqariga chiqib-kirishga hamda oshxonadagi voqeaga hayron bo‘lishga ham ulgurdi.
Patnis qo‘lda. Qadamlar ohista. Mana, yotoqxona eshigi. U asta ochilib, ichkariga kirilsa, marra zabt etiladi.
Sal nariroqda esa har narsaga, ayniqsa bunday kutilmagan ko‘rinishga qiziqayotgan qaynona eshik tirqishidan bildirmaygina kuzatib turibdi. Vo-ajab. Qo‘rs kuyovi ellikka kirib eriy boshlabdimi? «Oshxona haqiqiy erkaklar joyi emas», deydigan odammi shu, patnis ko‘targan?
Hayajondan terlab ketgan xonadon sohibi yotog‘iga kirdi, nihoyat. Xayriyat, xotin uyquda. Shu joyiga kelganda, umumiy ko‘rinish kinodagidek bo‘lmayotgani sezildi. Filmlarda ixchamgina patnis oyoqchali bo‘lardi-ku. Qo‘lidagi, yarim xontaxtani egallaydigan matohni qanday joylashtiradi endi? Vaziyatdan chiqish kerak. Hovlida ishlatiladigan kichikroq stolcha keldi xayolga. Xullas u ham bir amallab xonaga olib kirildi. Mana endi xotinni uyg‘otib, syurprizni ko‘rsatay deganda, qo‘l telefoni jiringladi. Javob bermay desa, boshliq ekan. Tashqariga chiqib gaplashishga majbur bo‘ldi. Aksiga olib, suhbat ham ancha cho‘zildi. Gapni qisqa qilish ilojsiz.
Buyoqda esa xotin uyg‘ongan. Qarasa, toza ko‘rpa-to‘shak ustida hovlidagi loy oyoqli stolcha. Uning ustida esa uylaridagi eng katta patnis. Unda bir necha xil shokolad va shirinliklar, qaynoqqina qahva. Xo‘sh, bu nimani anglatishi mumkin? Tatib ko‘ray desa, hali bet-qo‘lini yuvmagan. Buning ustiga bolalariga doim dasturxon ustida ovqatlanishni uqtirishardi. Ayol mushohadani davom ettirmoqchi edi-yu bugun kechroq uyg‘ongani, uyida ota-onasi borligini esladi...
Eshmat aka xonaga kelsa, xotin ham, patnis ham yo‘q. Asta oshxonaga bordi. Qaynona jo‘shib nimalarnidir gapirar, qaynota esa har zamon «yo‘g‘-e», deb qo‘yardi. Kuyovini ko‘rishgach ikkisi ham o‘rnidan turgudek, o‘tirgan joyini bo‘shatib bergudek iltifot ko‘rsatishdi. Angrayib turgan akamizni onaxon shartta yoniga o‘tqazdi. Bolajonim, deya quchib, peshonasidan o‘pdi va dedi:
– Qizim hammasini aytdi. Bizni xursand qilay depsizda. Erta turib, dasturxon tayyorlabsiz. Syurprizni xotiningiz qilganday ko‘rsatmoqchi bo‘libsiz-a, kamtarin bolam. Dadangiz ishonmadi. Ammo men hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganimni aytdim. Shu faqat yotoqxonaga stolni nega olib kirganingizni uncha tushunmadim. Ha mayli, baraka toping.
Eshmat aka esa bironta kinosida bunday yakun bo‘lmagani, ekrandagi hayot reallikdan farq qilishi haqida bir o‘ylab qo‘ydi...
To‘lqin Jumanazar
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter