Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbektelekom» AK 2020-yilda jismoniy shaxslarga 1 Gbit/s.gacha tezlikdagi tarif rejalarini taqdim etmoqchi

«O‘zbektelekom» AK 2020-yilda jismoniy shaxslarga 1 Gbit/s.gacha tezlikdagi tarif rejalarini taqdim etmoqchi

Foto: «Xabar.uz»

«O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi mamlakatimiz hududlarida keng polosali ulanishni rivojlantirish ishlari qanday ketayotgani haqida bugun, 18-oktyabr kuni poytaxtdagi O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyida o‘tkazilgan brifingda jurnalistlarga ma’lumot berdi.

Foto: «Xabar.uz»

Kompaniya mutaxassislari mamlakatimizda yuqori tezlikda keng polosali ulanishni rivojlantirishga qaratilgan ishlar taqdimotini o‘tkazishdi. Unda yil davomida mazkur yo‘nalish bo‘yicha qilingan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berilib, 2020-yil uchun belgilangan yangi loyihalar bayon etildi.

Foto: «Xabar.uz»

Ma’lum qilinishicha, kompaniya aloqa tarmoqlarini mis liniyalardan optik liniyalarga o‘tkazish bo‘yicha ishlarni jadallashtirgan. Bu yil ilk marotaba aholi uchun 100 Mbit/s.gacha tezlikdagi cheksiz internet tarif rejalari ishga tushirildi.

Kompaniya tomonidan keng polosali ulanishni rivojlantirishga qaratilgan juda muhim qadam tashlangani aytilmoqda. Xususan, 2019-yilning boshidan buyon «O‘zbektelekom» AK tomonidan aholi va ijtimoiy ob’ektlar uchun GPON texnologiyasidan foydalangan holda zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish uchun 10 ming km.dan ziyod optik tolali aloqa liniyalari yotqizilgan.

Buni natijasida, misol uchun, Speedtest Global Indexning 2019-yil iyul oyidagi reytingiga muvofiq, mamlakatimizda simli internetning o‘rtacha tezligi 2018-yil iyul oyida 8,58 Mbit/s.dan 2019 yil sentyabr oyida 19,91 Mbit/s.gacha  (Download/Yuklab olish) ko‘tarilgan. O‘z navbatida, keng polosali ulanish bo‘yicha o‘rtacha tezlikka erishish uchun hali oldinda qilinadigan juda ko‘p ishlar turgani ta’kidlandi.

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-fevraldagi «Obod qishloq» dasturini 2019-yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, «O‘zbektelekom» AK Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tasdiqlangan aholi punktlarining telekommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha Harakatlar rejasini bajarishda faol ishtirok etmoqda.

Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»

«O‘zbektelekom» AK tomonidan viloyatlar va Qoraqalpog‘istondagi 478 ta qishloq punkti, mahalla va qishloqlarning telekommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ishlar olib borilyapti. Yil boshidan buyon mamlakat bo‘ylab 10 ming km.dan ziyod optik tolali aloqa liniyalari yotqizilgan. Yilning birinchi yarmida ushbu dastur doirasida 1200 dan ortiq maxsus aloqa ustunlari o‘rnatilib, telekommunikatsiya infratuzilmasi uskunalari to‘liq yangilangan.

Abonentlarga qulaylik yaratish va aholining internet tarmog‘ining keng polosali xizmatlariga ulanishini osonlashtirish maqsadida kompaniya abonent uskunalarini bepul taqdim etish, shuningdek, optik aloqa liniyalariga yangi ulanishda 100 metrgacha bepul kabellarni taqdim etish bo‘yicha maxsus aksiyalarni o‘tkazmoqda. Bu qishloq aholisi uchun telekommunikatsiya xizmatlariga ulanishning yangi texnologiyalariga o‘tishni sezilarli darajada osonlashtiradi.

Brifingda kompaniya bugungi kunda amalga oshirayotgan yirik loyihalari haqida ham to‘xtaldi, xususan:

  • O‘zbektelekom» AK telekommunikatsiya tarmoqlarida keng polosali ulanish tarmog‘i rivojlantiriladi;
  • Ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi kengaytiriladi;
  • Ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlari tashkil etiladi;
  • Sharqiy hududlarda «O‘zbektelekom» AK «UZMOBILE» milliy uyali aloqa operatorining keng polosali ulanish tarmog‘i modernizatsiya qilinadi;
  • DWDM transport tarmog‘i kengaytiriladi;
  • «O‘ztelekom» AK «O‘zMobayl» filiali mobil aloqa qamrovi oshgani sari uskunalarga litsenziya resurslarini kengaytirib boriladi.

Bevosita «O‘zbektelekom» AK telekommunikatsiya tarmoqlarida keng polosali ulanish tarmog‘ini rivojlantirish loyihasi doirasida ushbu vazifalar belgilangan:

  • Mamlakatimiz hududlarida keng polosali ulanish tarmog‘ini kengaytirish;
  • NGN texnologiyasi bo‘yicha xizmat ko‘rsatadigan telekommunikatsiya tarmog‘ining foydalanuvchilar bazasi qismini kengaytirish;
  • Optika bo‘yicha (optik kabellarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri abonent uyiga kiritish) ko‘plab foydalanuvchilarga Triple Play xizmatlarini taqdim etish imkoniyatiga ega ITU-T G.984 standartining GPON (Gigabit-capable Passive Optical Network) texnologiyasi bo‘yicha FTTx keng polosali ulanish optik tarmoqlarini qurish;
  • Keng polosali xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish;
  • Taqdim etilayotgan telekommunikatsiya xizmatlari sifati va hajmini oshirish.

Ma’lum qilinishicha, loyiha amalga oshishi natijasida ta’lim muassasalarining «Elektron ta’lim» tizimiga, barcha turdagi foydalanuvchilarning internetdagi elektron manbalarga (ta’lim, kutubxona, tibbiyot), elektron tijorat, elektron hujjat aylanishi va boshqa manbalarga ulanishi ta’minlanadi. Loyiha doirasida 600 mingtadan ziyod yangi abonent portlari o‘rnatiladi.

«NGN texnologiyasi bo‘yicha kommutatsiya uskunalarini kengaytirish» loyihasini amalga oshirish orqali foydalanuvchilarga yuqori tezlikdagi internetni belgilangan sifat darajalari bilan ta’minlash, multimedia trafigini zamonaviy darajaga kommutatsiya qilish, tarmoqqa boshqa tashkilotlarni (operatorlarni) ulash va ularga keng doiradagi xizmatlarni taqdim etish, shahar va shaharlararo trafikni kommutatsiya qilish, yo‘naltirish va tariflash ko‘zda tutilgan. Loyihani amalga oshirish natijasida 420 mingtadan ziyod yangi abonent portlari o‘rnatiladi.

Kompaniya ma’lum qilishicha, 2020-yil yakuniga qadar barcha loyihalar bo‘yicha tizimlarni o‘rnatish va ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Kompaniya muhim bir yangilikni ham ma’lum qildi: 2020-yilda jismoniy shaxslarga 1 Gbit/s.gacha tezlikdagi tarif rejalarini taqdim etish mo‘ljallanmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring