«O‘zbeknetfgaz»: Korrupsiyaga qarshi komplayens nazorat tizimini takomillashtirish masalalari muhokama etildi (Foto)
«O‘zbekneftgaz» AJda korrupsiyaga qarshi komplayens nazorat tizimini takomillashtirish masalalari bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi, «KPMG» xalqaro auditorlik konsalting kompaniyasi va Jamiyat mas’ullari ishtirok etishdi.
Davra suhbatida ishtirokchilar tomonidan respublikada korrupsiya illatiga qarshi kurash uchun komplayens nazorat tizimini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganligi, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-apreldagi PQ–4664-sonli Qaroriga muvofiq, tizim boshqarmalari va korxonalarda ham komplayens nazorat tizimi yo‘lga qo‘yilganligi alohida e’tirof etildi.
«KPMG» xalqaro auditorlik konsalting kompaniyasi ekspertlari Irina Burdikova, Igor Lebedevlar tomonidan g‘arb va MDH davlatlarida komplayens tizimi joriy etilishi bosqichlariga, xalqaro yirik tijorat kompaniyalari, xususan, neft va gaz sohasida faoliyat yurituvchi ilg‘or korxonalarda komplayens nazorat tizimining samaradorligi haqida so‘z yuritildi. Ular O‘zbekistonda korrupsiyaning oldini olish jarayonlari mutlaqo yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarilganligini mamnuniyat bilan ta’kidlashdi.
Respublika Hisob palatasi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillari bir qator Davlat boshqaruv organlari hamda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga, ularda komplayens nazoratni joriy etishning o‘ziga xos jihatlariga alohida to‘xtalib o‘tishdi.
Shuningdek, «O‘zbekneftgaz» AJ tizimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan tasdiqlangan 2020–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish va oldini olishga qaratilgan «Yo‘l xaritasi»da belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va samarali bajarilayotganligi alohida qayd etildi.
Tadbir davomida «O‘zbekneftgaz» AJ Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti tomonidan Jamiyat mulkini talon-toroj qilinishining oldini olishga qaratilgan, xodimlarning ijtimoiy ahvolini va ish sharoitlarini yaxshilash hamda yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha choralar haqida ma’lumotlar berildi.
Xususan, Jamiyatning xarid tizimini tubdan yangilash, ehtiyoj shakllanishidan xarid amalga oshirilgunga qadar bo‘lgan jarayonda ishtirokchilarning mas’uliyatini oshirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jamiyatda amalga oshirilayotgan qurilish sohasidagi qonun buzilish holatlarining oldini olishga qaratilgan nazorat choralarini qo‘llash va tegishli me’yoriy hujjatlar ishlab chiqish ham ana shunday tadbirlardan biridir.
Bundan tashqari, xodimlarni ishga qabul qilish bo‘yicha shaffoflikni ta’minlash maqsadida, bo‘sh ish o‘rinlarini Internet tarmoqlarida va Jamiyatning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida e’lon qilib borilmoqda va real vaqt rejimida test sinovlaridan o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.
Korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi xavf-xatarlari yuqori darajada bo‘lgan yo‘nalishlar alohida tahlil qilinib, qo‘shimcha nazorat choralari qo‘llanilmoqda. Ayni paytda «Kuchlik neft bazasi»da tajriba sifatida avtomatlashtirilgan hisob tizimi tadbiq etildi va bugungi kunda qolgan neft bazalarida ham ushbu tizimni joriy etish choralari ko‘rilmoqda.
«O‘zbekneftgaz» AJ tizimidagi korxonalarda tashkiliy, moliyaviy va xo‘jalik jarayonlarini monitoring qilish va boshqarishga yo‘naltirilgan, inson omilini qisqartirish va korrupsiyaga oid xavf-xatarlarning oldini olishga qaratilgan hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan korporativ axborot tizimi joriy etilmoqda.
Shuningdek, raqamli texnologiyalarni joriy qilish, ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarish tizimini avtomatlashtirish va tabiiy gaz hisobini yuritishda aniqlik darajasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil axborot berildi.
Davra suhbati qizg‘in baxs va munozaralarga boy tarzda davom etdi. Tadbir so‘nggida, tomonlar xalqaro tajribalar bilan hamnafas ishlarni olib borilishi lozimligini, o‘zaro fikr almashish maqsadida, bu kabi davra suhbatlarini muntazam tashkil etib borishga kelishib olishdi.
«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter