«O‘zbekneftgaz»: Neft va gaz tabiiy boyliklarini talon-toroj qilinishi oldi olindi
«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘i bilan mamlakatning milliy boyligi hisoblangan neft va kondensat mahsulotlarini talon-torojlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish harakatida bo‘lgan shaxslarga qarshi kurashishda, ularning noqonuniy qilmishlarini oldini olishda tizimli ishlar olib borilmoqda.
«O‘zbekneftgaz» AJ aloqa kanallari orqali kelib tushayotgan xabarlar tahlili natijasida joriy yilning iyul oyida Moliyaviy va komplayens nazorati departamenti tomonidan «Gissarneftgaz» QK MChJ tasarrufidagi konlarda joylashgan neft va gazkondensati quvurlariga begona shaxslar tomonidan talon-torojlik maqsadida noqonuniy ulanishga harakat qilish holatlari aniqlandi.
Xususan, olib borilgan o‘rganishlar natijasida korxonaning «Shakarbuloq» konida mahsulotini o‘zlashtirish uchun neft quvuriga qo‘lbola usulda yog‘ochdan yasalgan qoziq o‘rnatilgani hamda «Shimoliy G‘uzor» koni hududidan o‘tgan kondensat quvuriga xomutlar yordamida ulangan shlang va ventil moslamalari tayyorlanib qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Salbiy holatlar zudlik bilan bartaraf etildi va o‘g‘irlikning oldi olindi.
Holat yuzasidan o‘rnatilgan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqiy baho berish va qonuniy choralar ko‘rish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi.
«O‘zbekneftgaz» AJning olis hududlarda joylashgan neft va gaz konlarida jazirama issiq va qahraton sovuqlarda tinmay mehnat qilayotgan soha ishchi-xodimlari mehnati samarasi o‘laroq, qiyinchiliklar bilan qazib olinayotgan mahsulotlarni g‘arazli niyatlarda o‘z manfaatlari yo‘lida o‘zlashtirishga qaratilgan qo‘sh tirnoq ichidagi «uddabron shaxslar»ning harakatlari sohaning rivojlanishiga salbiy ta’sir qilmoqda.
Shu munosabat bilan, «O‘zbekneftgaz» AJ rahbariyati yurtdoshlarimizdan yuqorida keltirilgan kabi salbiy holatlar bilan bog‘liq ma’lumotlar bo‘lgan taqdirda Jamiyatning aloqa kanallari orqali xabar berishlarini so‘raydi:
Ishonch telefoni: +(99871) 233-28-88
Bizning pochta manzilimiz: [email protected]
Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti pochta manzili: [email protected]
Telegram bot: @ung_anticorBot
«O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter