Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi uchun 5 mln yevrolik loyiha moliyalashtirilyapti – YeI

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi uchun 5 mln yevrolik loyiha moliyalashtirilyapti – YeI

Yevropa ittifoqi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lishini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va «O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishiga ko‘maklashish» nomli 5 mln yevrolik loyihani moliyalashtiradi.

Bu haqda YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian xonim «Iqtisodiy sharh» jurnaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Maqsad – mamlakatni, uning hukumatini, tegishli muassasalari hamda tadbirkorlik hamjamiyatini puxta hisob qilingan va ravon shaklda JSTga a’zo bo‘lishiga yordam berishdan iborat», – deydi Adrian xonim moliyaviy ko‘makni izohlarkan.

 Elchi, shuningdek, 2017-yildan buyon olib borilayotgan islohotlarni e’tirof qilib, keng ko‘lamli islohotlar to‘liq samara berishi uchun vaqt talab qilinishini, o‘z o‘rnida, yana qator sohalarda islohotlar qilish zarurligini qayd etdi.

«Mamlakatda, jumladan, barqaror «yashil» va inklyuziv o‘sishni ta’minlash, kambag‘allik ko‘lamini qisqartirish, tengsizlik va korrupsiyaga qarshi kurashish, ham tashqi, ham ichki bozorlarga investitsiyalarni jalb qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash uchun tarkibiy va institutsional islohotlarni amalga oshirish zarur.

JSTga kirish hech bir mamlakat uchun yengil jarayon emas, lekin O‘zbekiston JSTga a’zo davlatlar, ayniqsa, YeI tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda.

A’zo bo‘lish jarayonida O‘zbekiston o‘z siyosatini xalqaro savdo qoidalari bilan muvofiq holga keltiradi, bu esa, pirovardida, mamlakatni yanada raqobatbardosh qiladi va jahon iqtisodiyotiga integratsiyasini yanada mustahkamlaydi.

O‘zbekiston o‘z qo‘shnilari o‘rtasida vositachi sifatida harakat qilishga va jahon siyosatida o‘zining faol o‘rnini topishga tayyor ekanini ko‘rish quvonarli. Bu YeI va barcha xalqaro sub’yektlar tomonidan e’tirof etilmoqda», – deydi u.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring