Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonlik olima Janubiy Koreyada oltin medal bilan taqdirlandi

O‘zbekistonlik olima Janubiy Koreyada oltin medal bilan taqdirlandi

Koreya Ixtirochi ayollari assotsiatsiyasi (KWIA), Koreya Intellektual mulk idorasi (KIPO) va Xalqaro Intellektual mulk tashkiloti (WIPO) tomonidan 20-iyundan 25-iyunga qadar Janubiy Koreyada XII Koreya Xalqaro Ixtirochi Ayollar Ko‘rgazmasi – KIWIE 2019 o‘tkazildi.

Xalqaro ko‘rgazma ixtirochi ayollarning fan va texnologiya sohasida erishayotgan yutuqlari, tajribalari va yaratgan yangi texnologiyalarini o‘rganish hamda rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilib kelinadi. KIWIE 2019 ko‘rgazmasida 30 dan ziyod davlatdan 400 nafardan ortiq ixtirochi xotin-qizlar texnika, texnologiya, tibbiyot, oziq-ovqat, yengil sanoat, kimyo va sanoatning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z ixtirolari hamda innovatsion ishlanmalari bilan qatnashishdi.

Ushbu nufuzli ko‘rgazmada, O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolaridan O‘zR FA Genomika va bioinformatika markazi katta ilmiy xodimi, kimyo fanlari nomzodi Xurshida Ubaydullayeva markaz olimlari bilan hamkorlikda gen-nokaut texnologiyasi asosida yaratilgan tezpishar, yuqori hosildorlikka ega, uzun va sifatli tolali, qurg‘oqchilikka chidamli «Porloq-1», «Porloq-2» navlariga olingan patenti bilan qatnashdi va ushbu ilmiy ishlanma yuzasidan taqdimot berdi. Bu esa xalqaro ekspertlar tomonidan o‘rganildi va Koreya Ixtirochi ayollari Assotsiatsiyasi Prezidenti Myung-Xe Yon tomonidan munosib baholanib, oltin medal bilan taqdirlandi.

Xurshida Ubaydullayeva Genomika va bioinformatika markazi jamoasi bilan birgalikda dunyoda birinchilardan bo‘lib gen-nokaut texnologiyasini paxtada qo‘llab, uning natijasida tezpishar, yuqori hosildor, uzun va sifatli tolali, qurg‘oqchilikka chidamli «Porloq» navlari majmuasining (Porloq-1, Porloq-2, Porloq-3 va Porloq-4) yaratilishida o‘zining hissasini qo‘shdi. Ushbu texnologiya natijasida, dunyoda paxtachilik sohasi amaliyotida birinchilardan bo‘lib, o‘rta tolali paxtadan, yuqori sifatli I – IIsinfli tola olishga erishildi.

Agar O‘zbekistonda har yili 1 mln.tonnadan ortiq tola ishlab chiqarilishini inobatga olsak, paxta tolasi uzunligining har 1mm.ga oshirilishi unga qo‘shimcha 25 sent narx qo‘shadi, bu bilan esa 1 mln.tonna tola uchun uning uzunligi hisobiga qo‘shimcha 250 mln.AQSh dollar miqdorida daromad keladi. Bundan tashqari paxta dala maydonini kengaytirmagan holda gen-nokaut navlarining yuqori hosili evaziga, yer resurslarini tejash, suv sarfini kamaytirish, turli zaharli pestitsid, insektitsidlardan foydalanish va mineral o‘g‘itlar salmog‘ini kamaytirishga erishish imkonini beradi.

Yaratilgan g‘o‘za navlari Porloq-1, Porloq-2, Porloq-3 va Porloq-4 bir qancha ustunliklarga ega bo‘lishi bilan bir vaqtda, uning chigitidan ajratib olingan yog‘ inson hayotiga mutlaqo zararsiz ekanligi Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya, gigiyena va kasalliklar profilaktikasi instituti ilmiy xodimlari tomonidan tekshirilib, tasdiqlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring