Chet elda yurgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari soni qanchaligi aytildi
![Chet elda yurgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlari soni qanchaligi aytildi](https://static.xabaruz.com/crop/1/4/720_460_95_142140702.jpg)
Joriy yilning yanvar-mart oylarida xorijga pul ishlash maqsadida ketgan vatandoshlarimiz soni 486,1 ming kishini tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, migrantlarning ketish geografiyasi, asosan, Rossiya (70,2 foiz), Qozog‘iston (13,4 foiz), Qirg‘iziston (8,7 foiz), Turkiya (3,8 foiz), Afg‘oniston (1,1 foiz), Koreya (0,6 foiz), BAA (0,4 foiz) kabi davlatlarni o‘z ichiga oldi.
O‘zbekistonning mamlakat tashqarisida bo‘lgan mehnat migrantlari soni qariyb 2,4 mln kishini tashkil qilib, ularning 76 foizi erkaklar va 24 foizi xotin-qizlardir.
Bugungi kunda migrantlarning aksariyati qurilish – 51,6 foiz, qishloq xo‘jaligi – 12,3 foiz, sanoat – 9,2 foiz, savdo – 8,5 foiz kabi sohalarda mehnat qilmoqda.
2021-yilda chet eldan O‘zbekistonga transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 8,1 mlrd dollarni tashkil qilgan bo‘lib, shundan 5,7 mlrd dollar (ya’ni, 70 foizi) Rossiya Federatsiyasidan kelib tushgan, har oyda bir mehnat migrantiga to‘g‘ri keladigan pul o‘tkazmalari miqdori esa 453 AQSh dollariga teng bo‘ldi.
Xalqaro Migratsiya Tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistondan chiqqan mehnat migrantlarining asosiy qismi Rossiyaga boradi va ularning soni qariyb 2 mln nafarni tashkil etmoqda.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 1-choragida Rossiyadan 133 ming nafar migrant O‘zbekistonga qaytgan. Bunga rossiyalik ish beruvchilar tomonidan ish haqining kechiktirilishi sabab bo‘lishi mumkin, negaki, bu borada Mehnat migratsiyasi agentligiga mingdan ortiq shikoyatlar kelib tushgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter