O‘zbekistonga Hindistonning yetakchi kompaniyalari kirib keladi
24-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Hindistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Santosh Ja bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.
AKT vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov ikki mamlakatni birlashtirib turuvchi omillarni sanarkan, O‘zbekiston bozoriga qiziqish tobora ortib borayotganini qayd etdi. Uchrashuv chog‘ida davlat boshqaruvi va iqtisodiyotning real sektorida innovatsiyalarni joriy qilishga ko‘maklashish, raqamli iqtisodiyot o‘sishini rag‘batlantirish, shu jumladan, ishlab chiqarishda kompleks avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini joriy etish, elektron tijoratning rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish borasida ikki tomonlama hamkorlik masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, texnoparklar va kovorking-markazlar faoliyatini kengaytirish, kiberxavfsizlikni ta’minlash va tarmoqlar, dasturiy mahsulotlar, axborot tizimlari va resurslarini joriy qilishni ta’minlash bo‘yicha Hindistonning yetakchi kompaniyalari bilan O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq investitsiyaviy loyihalar muhokama qilindi.
Tomonlar axborot texnologiyalari sohasida O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ulkan salohiyat mavjudligi hamda bu borada barcha sa’y-harakatlarni safarbar etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama manfaatli istiqbolli yo‘nalishlar, jumladan, AKT masalalarida tajriba almashish, hamkorlikni kengaytirish va boshqa muhim masalalar muhokama qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter