«O‘zbekistonga e’tiborsizlik dunyo uchun qimmatga tushadi» — Malik Kaylan
Mashhur jurnalist, xalqaro ekspert Malik Kaylan «Forbes»da O‘zbekistonda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlari haqida yozdi. «Xabar.uz» mazkur maqolani ayrim qisqartirishlar bilan e’tiboringizga havola etadi.
24 oktyabr kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovini o‘z nuqtai nazaringizga qarab, ham maqtashingiz, ham tanqid qilishingiz mumkin. Men voqea joyida ishtirok etgan kuzatuvchi sifatida ko‘plab xorijiy jurnalistlar, YeXHT a’zolari va boshqalar kabi bir olam taassurotlar orttirdim. Tanqidiy geostrategik mulohazalarim, O‘zbekiston va mintaqa kelajagi bilan bog‘liq jiddiy sabablarga ko‘ra, mening nuqtai nazarim juda ijobiydir. Bu haqda AQShning ko‘plab jurnalistlari ham yozishmoqda.
Men AQShning Kobuldan tartibsiz chiqib ketishidan oldin ham O‘zbekistonning asosiy roli haqida bir necha bor yozganman. Lekin shuni aytmoqchimanki, O‘zbekistonga nisbatan nafaqat siyosiy nuqtai nazardan, nainki qanchadan-qancha boshqa noto‘g‘ri qarashlar mavjudligi ajablanarli. Do‘stlarimga mamlakatdagi o‘zgarishlarning hayratlanarli tezligi va uning strategik ahamiyati haqida gapirib berishga majbur bo‘laman. Ular esa doim ham tushunishavermaydi.
G‘arbga Moskva, Pekin va Tehron bilan strategik aloqalar uchun ham Markaziy Osiyodan do‘st kerak. Bu O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashim uchun yetarli sabab. Buni «O‘zbek bahori» deb atayman.
O‘zbekiston yigirma besh yil davomida nodemokratik rejimda boshqarilgani u haqidagi taassurotlar salbiy bo‘lishiga olib kelgan. Ammo o‘zgarishlar shunchalik aniq va sezilarliki, salbiy qarashlarni o‘zgartirmasdan imkon yo‘q.
O‘zbekiston bolalar mehnati, mash’um Andijon voqealari, ommaviy siyosiy mahbuslarning ko‘payishi, mustaqil matbuot erkinligining past ko‘rsatkichda bo‘lishi kabi muammolarga duch kelgan. 2016 yil Karimov vafotidan so‘ng davlat boshqaruviga kelgan sobiq bosh vazir Shavkat Mirziyoyev muammolarni yechishga erishdi. Mirziyoyev yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini tikladi, chegaralarni ochdi, mamlakatni ma’lum ma’nodagi izolyasiyadan olib chiqdi.
Investitsiya va turizmni rag‘batlantirish, umuman biznes uchun mamlakatni ochish ishlarini amalga oshirdi. Bolalar mehnatini tugatdi. Bu chet el ommaviy axborot vositalariga chiqish, inson huquqlari bo‘yicha kuzatuvchilar va siyosiy faollikni bosqichma-bosqich oshirish imkonini berdi.
Oradan besh yil o‘tdi. Ammo O‘zbekiston atrofidagi mamlakatlarga e’tibor bering. Bu davlat ularga demokratik mamlakat nuqtai nazaridan o‘rnak. Shuning uchun ham rasmiy Toshkent so‘z erkinligi, demokratiya, oshkoralik bilan o‘ta puxta o‘ylangan qadamlar tashlamoqda va to‘g‘ri yo‘ldan bormoqda, deb hisoblayman.
Mamlakat ulkan sur’atlarda qayta qurilmoqda. Masalan, «Financial Times»ning «Jahon bankining biznes yuritish qulayligi bo‘yicha» reytingida 2015 yilda 141-o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, 2020 yilda 69-o‘ringacha ko‘tarildi. Agar hammasi shu yanglig‘ ketsa, yana bir «Osiyo yo‘lbarsi»ning paydo bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin.
O‘tgan oyda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti saylovi haqida ijobiy baholash mumkin. Mukammal emasdir, lekin avvalgilarga qaraganda taraqqiyot darrov seziladi. Oddiy misol: oktyabrdagi saylovga butun dunyodan mingdan ortiq kuzatuvchilar kelgan. Tan olish kerak, bundan besh yil oldin mamlakatning bu darajada yaxshilanishiga hech kim ishonmagan bo‘lar edi. Prezident Mirziyoyev ochiq poygada ham g‘alaba qozonishni maqsad qilgani aniq edi va shunday bo‘ldi ham. Mamlakat Mirziyoyevni qo‘llab-quvvatlaydi. U 80 foizdan ziyod ovoz oldi. O‘zbekistonliklar buni soxta saylov, deb hisoblamaydilar. Bu haqda hammamiz bevosita saylovchilarning o‘zidan, YeXHT kuzatuvchilaridan, hamrohlik qilayotgan barcha xorijiy ommaviy axborot vositalaridan eshitdik.
O‘zbekiston chorrahada turibdi. Mirziyoyev oldida qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish, mamlakatni moderinazatsiyalash kabi qiyin vazifalar bor. Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan kam sonli davlatlardan biri sifatida u yaqin qo‘shnilarga eksport qilishdan tashqari kengayishi uchun ham dengizga chiqishi lozim. Ayni paytda, xabarlarga ko‘ra, Toshkent Eron portidan foydalanish bo‘yicha Tehron bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu hududni strategik jihatdan tashlab qo‘yish AQSh uchun qimmatga tushadi. Vaqt o‘tishi bilan ta’sir kuchayadi va tarqaladi. O‘zbekiston jahon tinchligi uchun ham muhim.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter