Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistondan eksport qilinadigan mahsulot guruhlari uchun yangi istiqbolli bozorlar aniqlandi

O‘zbekistondan eksport qilinadigan mahsulot guruhlari uchun yangi istiqbolli bozorlar aniqlandi

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari O‘zbekistondan eksport qilinadigan mahsulot guruhlari uchun yangi istiqbolli bozorlarni aniqladi.

2022–2026-yillar uchun mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi 28-maqsadga ko‘ra, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotishning yangi salohiyatli bozorlarini aniqlash asosiy masalalardan biridir.

Tahlil qilish uchun go4WorldBusiness xalqaro bozori ma’lumotlaridan foydalanildi. Ular 2022 yil aprel-iyul oylariga to‘g‘ri keluvchi 3000 dan ortiq xalqaro yuk tashuvlari haqidagi ma’lumotlarni qamrab oladi. Barcha ma’lumotlar veb-skreyping, ya’ni saytlardagi ma’lumotlarni avtomatik tarzda to‘plash usuli yordamida olingan.

Istiqbolli bozorlarni aniqlash uslubi 3 bosqichdan iborat:

  • go4WorldBusiness xalqaro bozori ma’lumotlar bazasidagi barcha mamlakatlar orasidan so‘nggi 5 yil ichida mahsulot importi pasaygan davlatlar chiqarib tashlanadi;
  • O‘zbekiston ushbu mahsulotlarni eksport qilayotgan davlatlar bundan mustasno;
  • ushbu toifadagi tovarlar importi o‘rtacha hajmining O‘zbekistondan import qiluvchi mamlakatgacha bo‘lgan geografik masofaga nisbati hisoblanib, indeksda eng yuqori o‘rinda turgan, istiqbolli bozorga ega mamlakatlar tanlab olindi.

Tahlillar quyidagi mamlakatlar istiqbolli bozorlar bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini ko‘rsatdi:

  • don mahsulotlari uchun — Yaponiya, Bangladesh;
  • o‘simlik yog‘i uchun — Hindiston, Xitoy, Bangladesh;
  • metallar uchun — Bangladesh;
  • meva va sabzavotlar uchun — Bangladesh, Singapur, O‘mon;
  • ziravorlar uchun — Hindiston, Buyuk Britaniya, Bangladesh;
  • to‘qimachilik mahsulotlari uchun — Hindiston, Bangladesh, Singapur.

Qayd etish joizki, aniqlangan istiqbolli bozorlarda eng ko‘p talab qilinadigan tovarlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hisoblanadi. Shu munosabat bilan ma’lumotlarning qo‘shimcha tahlili o‘tkazildi. Bunda mavsumiy omil mavjudligini aniqlandi, ya’ni xalqaro yuk tashuvlarining katta qismi yoz oylarida amalga oshirilgan va umumiy yuk tashuvlari sonining yarmidan ko‘pini tashkil etgan.

Tadqiqot natijasida quyidagi tavsiyalar ishlab chiqildi:

  1. Tashqi iqtisodiy faoliyatni shakllantirishda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan ayrim turdagi mahsulotlarga sanab o‘tilgan davlatlarda talab katta ekanligini inobatga olgan holda ularning bozoriga alohida e’tibor qaratish lozim.
  2. Ushbu davlatlar bilan potensial savdo yo‘llari, tarifli va notarif to‘siqlarni o‘rganish va ma’lumotlarni potensial eksportchilarga yetkazish lozim.
  3. Eksport qilish imkoniyati mavjudligi ko‘rsatilgan davlatlar bilan qo‘shma korxonalar, savdo uylari va onlayn-marketpleyslarni tashkil etish maqsadga muvofiq.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring