Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistondan Afg‘onistonga qaytarib yuborilgan fuqarolar ahvoli haqida ma’lumot berildi

O‘zbekistondan Afg‘onistonga qaytarib yuborilgan fuqarolar ahvoli haqida ma’lumot berildi

Foto: «Golosameriki.com»

O‘zbekiston Respublikasi qo‘shni Afg‘onistonda saqlanib turgan murakkab vaziyat munosabati bilan, chet ellik hamkorlarning murojaatlariga javoban, shuningdek, xalqaro gumanitar huquq tamoyillariga sodiqlik ruhida qator davlatlar bilan ularning fuqarolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qilish masalasi bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy kanalida xabar berilgan.

Hozirgi vaqtda Germaniya, Rossiya, Shveysariya, Avstriya, Daniya, Polsha, Slovakiya, Qozog‘iston kabi davlatlar bilan aeroport infratuzilmasidan foydalanish xizmatlarini taqdim etish, havo makoni orqali uchishga ruxsat berish, aeroportga uchib kelish, qo‘nish, zarur texnik va logistika yordamini ko‘rsatish bo‘yicha birgalikda sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Xorijlik hamkorlar bilan birgalikda dastlabki tarzda kelishilgan mamlakatlarga jo‘natilayotgan ham chet el fuqarolari, ham Afg‘oniston fuqarolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qilish va O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzitini amalga oshirish bo‘yicha tartibli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Oxirgi bir necha kun ichida O‘zbekiston hududi orqali 1982 nafar chet el fuqarosini evakuatsiya qilish ta’minlandi.

Evakuatsiya qilinayotgan fuqarolarga O‘zbekiston hududida qisqa muddatli bo‘lib turish paytida karantin choralariga qat’iy rioya etgan holda barcha zarur yordam ko‘rsatilmoqda, shundan so‘ng kechiktirilmasdan rejalashtirilgan manzil-mamlakatiga jo‘natilmoqda.

Bundan tashqari, «Tolibon» harakati vakillari bilan shu keskin kunlarda O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan Afg‘oniston fuqarolarining xavfsizlik kafolatlarini olish bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi.

«Tolibon» rahbariyati vakillari bilan ushbu toifadagi shaxslarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik, tazyiq va ta’qiblarning oldini olish bo‘yicha kelishuvlar natijasida 150 nafar Afg‘oniston fuqarosi o‘z xohishi bilan vataniga qaytarildi.

Afg‘onistonga qaytgan fuqarolardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ularga nisbatan rasmiy protsessual choralar ko‘rilgandan so‘ng, ularning hammasi uylariga qo‘yib yuborilgan va hozirda ular o‘z oilalari bag‘rida to‘liq xavfsiz holda bo‘lib turibdi, deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring