O‘zbekistonda yosh oilalar daromadining ko‘p qismini qarz to‘lashga sarflaydi – tadqiqot
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda insonlarning hayot sikli davomida iste’mol xarajatlari va daromadlari o‘zgarish xususiyatlari hamda qarz munosabatlariga kirishish holatini tahlil qildi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, iqtisodiy nazariya ratsional inson hayoti davomida iste’molini bir maromda taqsimlaydi degan fikrni ilgari suradi.
Ya’ni ratsional insonlar daromadi past bo‘lgan (bolalik va yoshlik) davrida yetarli darajada iste’molni ta’minlash (ta’lim xarajatlarini qoplash, uy va uy jihozlari) uchun (ota-ona, davlat va jamiyatdan) muddatli qarz oladi. Keyinchalik daromadi nisbatan baland bo‘lgan o‘rta yoshlarda qarzini qaytaradi, keyingi avlodga qarz beradi va ortganini keksalikka jamg‘aradi, keksa yoshida esa qolgan jamg‘armalarini iste’mol qiladi.
O‘zbekistonda ham barqaror daromad va iste’molning hayot sikli gipotezasi ishlashi aniqlandi.
Unga ko‘ra, insonlarning daromadlari 30 yoshgacha tezlik bilan o‘sadi, eng yuqori nuqtasi taxminan 30-50 yosh oralig‘ida saqlanib turadi va 60 yoshdan so‘ng keskin pasayadi. Bu o‘z navbatida, daromad va iste’mol orasidagi farq qarz olish orqali kompensatsiya qilinishi zaruratini mavjudligini bildiradi.
O‘zbekistonda aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov (450 kishi) natijalariga ko‘ra, yosh oilalar (oila boquvchisi yoshi o‘rtacha 38 yosh) boshqa oilalarga nisbatan (oila boquvchisi yoshi o‘rtacha 49 yosh) daromadining ko‘proq qismini qarz to‘lashga sarflayotganini ma’lum qilgan. Bu yuqoridagi nazariy qarashga (barqaror daromad va iste’molning hayot sikli gipotezasi) mos keladi.
Bunda, respondentlarning 18 foizi maishiy texnika, 22 foizi uy-joy, 13 foizi avtomobil, 10 foizi o‘qish shartnoma to‘lovi, 11 foizi telefon uchun qarz olganligi ma’lum bo‘ldi. Qolgan 34 foiz respondentlar qarzi yo‘qligini bildirgan. Shundan, 18 foiz respondentlarda o‘z jamg‘armalari mavjud.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter