O‘zbekistonda sil kasalligidan o‘lim holatlari 22 yil ichida 10 barobarga kamaygan

So‘nggi 22 yilda O‘zbekistonda tuberkulyoz bilan kasallanish darajasi 2 barobardan, o‘lim ko‘rsatkichi esa 10 barobardan ko‘proq kamayishiga erishildi.
Bu haqda SSV mtatbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘z navbatida, 1-tur sezuvchan tuberkulyozga chalingan bemorlarni davolash samaradorligi keyingi yillarda 90 foizga yetkazilgan va bu JSSTning xastalikni tugatish strategiyasi maqsadlariga mos.
Shuningdek, silning turg‘un shaklidan aziyat chekayotgan bemorlarni davolash samaradorligi 91,2 foizdan 95 foizgacha oshirilib, muolaja muddati 2 yildan 6-9 oyga qisqardi. Bu — dunyoning juda kam sonli davlatlari erishgan ko‘rsatkichdir.
– Avvallari kasallikni laborator usulda aniqlash uchun 3 oygacha vaqt ketardi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza Parpiyeva. – Hozir esa yurtimiz bo‘yicha 136 ta gen-molekulyar analizator apparati keltirilib, 97 ta zamonaviy laboratoriya tashkil etilgan. Ulardan 40 tasi tumanlarda faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, balg‘am namunalarini tuman (shahar)lardan asosiy laboratoriyalarga o‘z vaqtida olib kelish uchun logistika xizmati yaxshilangan. Tashxis qo‘yish uchun sun’iy intellekt bilan jihozlangan 46 ta ultraportativ rentgen apparati joylarga yetkazib berilgan. Ular yordamida, hatto, og‘ir yotib qolgan bemorlar xonadonigacha borilib, o‘pka va ko‘krak qafasida qanday patologik jarayonlar kechayotganligi tezkor ravishda aniqlanmoqda.
14 yoshgacha bo‘lgan xavf guruhiga mansub aholi qatlamida immunodiagnostika usulida, 14 yoshdan kattalarda esa rentgen usulida tuberkulyozni aniqlash yo‘lga qo‘yilib, ilk marotaba 10 ta viloyatda «O‘pka salomatligi» mobil brigadalari tashkil etildi.
Tuberkulyoz xastaligi tarqalishining oldini olish uchun yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni emlash qamrovi 99,5 foizga yetkazildi.
Ma’lumot uchun, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘tgan yili dunyo bo‘yicha 10,8 million kishiga tuberkulyoz tashxisi qo‘yilgani va ulardan 1,25 million nafari kasallik oqibatida hayotdan ko‘z yumgani haqida hisobot bergan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter