Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nuriddin Xoliqnazarov O‘zbekiston muftiysi etib saylandi

Nuriddin Xoliqnazarov O‘zbekiston muftiysi etib saylandi

19 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda tashkiliy masala ko‘rildi, Toshkent shahri bosh imom-xatibi sifatida ishlab kelayotgan Nuriddin domla Xoliqnazarov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylandilar. Bu haqda O‘MI matbuot xizmati xabar berdi. 

Nuriddin domla Xoliqnazarov 1968 yilda Andijon viloyati Asaka shahrida tug‘ilganlar. 1992 yilda Buxoro viloyatidagi Mir Arab madrasasi, 1998 yilda Imom Buxoriy nomli Toshkent islom institutini, 2007 yilda esa Farg‘ona davlat universitetini tamomlaganlar.

Ish faoliyatlari davomida Asaka shahridagi “Ahmadali Maxdum” masjidi imom-xatibi, Toshkent shahri “Oq tepa” jome masjidi imom-xatibi, poytaxtdagi “Ko‘kaldosh”, Andijon viloyatidagi “Sayyid Muhyiddin maxdum” madrasalari o‘qituvchisi, Andijon viloyati bosh imom-xatibi va 2019 yildan shu kunga qadar Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifalarida mehnat qilayotgan edilar.

Eslatib o‘tamiz, avvalgi muftiy Usmonxon Alimov avgust oyida Moskvada vafot etgandi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring