Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident o‘zbekistonlik hojilar holi bilan qiziqdi

Prezident o‘zbekistonlik hojilar holi bilan qiziqdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Musulmonlar idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari muborak Haj ziyoratiga tayyorgarlik jarayonlari, yurtdoshlarimiz uchun yaratilgan sharoitlar, ularning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar Shavkat Mirziyoyevga, avvalo, muborak joylarda ibodat fayzi bilan yurgan hojilarimizning salomi va duolarini yetkazdi.

Bu yil ham Haj tadbirlari yuqori saviyada, tartibli tashkil etilgani ta’kidlandi. Hududlardagi Haj markazlari orqali ishlar uyushqoqlik bilan olib borildi. Vazirlar Mahkamasi boshchiligida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa tuzilmalar hamkorligida ziyoratchilar uchun barcha sharoit yaratildi.

Ayni paytda qariyb 12 ming nafar yurtdoshimiz Saudiya Arabistonida bo‘lib turibdi. Jami 15 ming 130 nafar fuqaro Haj ibodatiga muyassar bo‘ladi. Ularga 300 nafar guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, oshpazlar, tarjimonlar va boshqa ko‘makchilar hamrohlik qiladi.

Bu kabi e’tibor va sharoitlarni arabistonlik mutasaddilar ham yuqori baholab, O‘zbekiston Prezidentiga hurmat va duolarini izhor etmoqdalar.

Bu yildan boshlab bir yangilik – Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan diniy soha xodimlari hamda qori ziyoratchilar tomonidan Qur’oni karimni xatm qilish yo‘lga qo‘yildi. Hozirgacha 1 ming 515 ta xatm o‘qilib, yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qilingan.

Davlat rahbari yurtdoshlarimiz muqaddas Haj ibodatini mukammal ado etib, sog‘-omon kelishlarini tiladi. O‘zbekistonga qaytgach, hojilar jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lishlariga umid bildirdi.

Suhbat samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring