Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishdagi 7 ta muammo sanab berildi

O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishdagi 7 ta muammo sanab berildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiyasi loyihasini ishlab chiqdi.

Unda bugungi kungacha korrupsiyaga qarshi kurashish borasida erishilgan yutuqlar bilan birgalikda sohadagi mavjud muammolar ham sanab o‘tiladi.

Unga ko‘ra, jumladan:

  • mamlakatda normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini ta’minlash, qonunchilik va huquqni muhofaza qilish sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etishning huquqiy va tashkiliy mexanizmlari aniq belgilanmagan. Davlat organlari, sohalar va hududlar kesimida korrupsiya darajasini baholash va korrupsiyaga qarshi kurash chora-tadbirlarini monitoring qilish tizimi yaratilmagan.
  • davlat boshqaruvi sohasida korrupsiya xavfining oldini olishga, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashga va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat xizmati to‘g‘risidagi qonun normalarini ta’minlashning aniq mexanizmlari va chora-tadbirlari ishlab chiqilmagan.
    Davlat organlari mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xorijda hisob raqamlar ochishni taqiqlashning huquqiy asoslari yaratilmagan.
  • budjet tashkilotlarida nazoratni masofaviy tarzda raqamli texnologiyalardan foydalangan holda amalga oshirish, shu jumladan pul mablag‘lari va moddiy boyliklarni talon-toroj qilish, kamomadlarga yo‘l qo‘yish, xarajatlar smetasi va shtatlar jadvallarini tuzish, tasdiqlash hamda ijro etish tartibini buzish holatlarini chuqur tahlil qilish va ularni sodir etishning shart-sharoitlarini bartaraf qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilmagan.
  • raqobat usullarini chetlab o‘tgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xaridlarini amalga oshirish, shartnomalarni g‘aznachilik organlaridan ro‘yxatdan o‘tkazmaslik, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yish hamda affillanganlik holatlari davlat xaridlari sohasida qonunbuzilishi holatlarining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
    Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzilganligi bo‘yicha 2021-yilda 147 ta, 2022-yilda 662 ta va 2023-yil 6 oyida 729 ta ma’muriy huquqbuzarliklar (MJtKning 1758-m) sodir etilgan.
  • aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy bilimini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha tizimli yondashuv mavjud emas.
  • Davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doiralar o‘rtasida samarali hamkorlik mexanizmlari ishlab chiqilmagan, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tadqiqotlar darajasi va sifatini oshirish, tadqiqot natijalari amaliyotga tatbiq etish yuzasidan aniq maqsadli chora-tadbirlar ishlab chiqilmagan.
    Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning tegishli darajada bajarilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazorati yetarli darajada tashkil etilmagan.
  • tadbirkorlik sohasida korrupsiya xavfining oldini olish jarayonlarini kuchaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlari to‘g‘risida xabardorlikni oshirish, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha davlat organlari va biznes sektori o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlashning samarali mexanizmlari ishlab chiqilmagan.
  • axborot texnologiyalarijdan korrupsiyaga qarshi kurashishda samarali vosita sifatida qo‘llash va ulardan foydalanishda tizimli va kompleks yondashuvni ta’minlash ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan.

Agentlik ishlab chiqqan hujjat loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyasini amalga oshirish yuqoridagi muammolarni hal qilishda alohida ahamiyat kasb etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring