Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda kitob bayrami o‘tkaziladi

O‘zbekistonda kitob bayrami o‘tkaziladi

Foto: mrdi.uz

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan 2018-yil 24-25-may kunlari «Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish – buyuk maqsadlarimizga erishishning muhim kafolatidir» shiori ostida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlari hamda Toshkent shahrida Respublika «Kitob bayrami» tadbirlari o‘tkaziladi. Bu haqda Agentlik matbuot xizmat xabar qilmoqda.

Kitob bayramidan ko‘zlangan asosiy maqsad bu – kitobning jamiyatimiz ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi o‘rnini yanada oshirish, buyuk ajdodlarimizning yorqin xotirasini, zamonamiz qahramonlari timsolini haqqoniy va xalqchil aks ettiruvchi adabiyotlar salmog‘ini oshirishda adib va noshirlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodni intellektual rivojlangan, jismonan sog‘lom va ma’nan barkamol qilib voyaga yetkazishda kitobning o‘rni va ahamiyatini yanada yuksaltirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishdir.

Ikki kun davomida bo‘lib o‘tadigan tadbir doirasida:

Poytaxtimizning markazi – Sayilgoh ko‘chasida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar markazlarida respublika nashriyotlari tomonidan kitob mahsulotlari ko‘rgazmalari tashkil etiladi;

«Namunali kitob do‘koni» tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkaziladi, turli xil so‘rovnoma va aksiyalar o‘tkaziladi;

Kitob bayrami kunlarida shuningdek, mushoiralar, adabiy uchrashuvlar, shaxmat va shashka musobaqalari ham tashkil qilinadi;

Taniqli san’atkorlar va yosh iste’dod sohiblari shuningdek, Respublika yosh tomoshabinlar teatri va Respublika qo‘g‘irchoq teatrining hamda turli bolalar san’at guruhlarining «Kitobsevarlarni qutlaymiz!» nomli chiqishlari uyutiriladi;

«Eng yaxshi kitobxon oila», «Eng yaxshi kitobxon», «Yosh kitobxon» kabi sovrinli viktorinalar va «Kitob o‘qishni yoqtirasizmi?» mavzuida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkaziladi;

Kitob bayrami qatnashchilari hisoblangan nashriyotlar, ijodiy uylar va matbaa korxonalari o‘rtasida «Eng faol ishtirokchi» hamda «Eng yaxshi stend» nominatsiyalarida tanlov o‘tkaziladi va g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan taqdirlanadi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring