Jurnalistlar turnirida «MTRK» g‘olib bo‘ldi (foto)
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining mamlakat futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda jurnalistlar va nashriyot xodimlari o‘rtasida o‘tkazgan mini-futbol musobaqasi nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining sun’iy maydonida 1-5-dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan bahslarda jami 24 ta jamoa ishtirok etdi.
Dastlab jamoalar 6 ta guruhga bo‘lingan bahslarni o‘tkazdi. Guruh g‘oliblari va eng yaxshi natija qayd etgan ikkita ikkinchi o‘rin sohiblari, jami 8 jamoa chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Chorak va yarim finaldan keyin turnirning bosh sovriniga da’vogarlik qilgan jamoalar nomi ma’lum bo‘ldi.
Bugun O‘FA sun’iy maydonlarida musobaqaning uchinchi o‘rini hamda bosh sovrini uchun o‘yinlar o‘tkazildi.
Uchinchi o‘rin uchun kechgan o‘yinda «Sharq» nashriyoti va «Xalq so‘zi» gazetasi tahririyati vakillari maydonga tushishdi. Murosasiz bahsda gazetachilar g‘alaba qozondi.
«Xalq so‘zi» — «Sharq» — 2:0
Musobaqaning finalida O‘zbekiton Milliy teleradiokompaniyasining «MTRK» hamda «Zoʻr TV» jamoalari bosh sovrin uchun kurash olib borishdi. Qiziqarli kechgan uchrashuvda «MTRK» jamoasi 2:0 hisobida ustun keldi.
«MTRK» – «Zoʻr TV» – 2:0
Musobaqaning taqdirlash marosimida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari O‘ktam Hamroyev va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bosh kotibi Sardor Rahmatullayev sovrindor jamoalarga oltin, kumush va bronza medallari, diplom va sovg‘alarni topshirishdi. Shuningdek, g‘olib jamoaga o‘n million so‘m, sovrindorlarga esa sakkiz va olti million so‘mdan pul mukofotlari berildi. Musobaqa kubogini «MTRK» jamoasi qabul qilib oldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter