O‘zbekistonda jaziramali kunlar ko‘payib bormoqda
Respublika Gidrometeorologiya xizmati o‘tgan iyul oyi statistikasini taqdim etdi. Unga ko‘ra, 2023-yil iyul oyi barcha joylarda iqlimiy me’yordan 1,5-2,5 darajaga iliqroq bo‘ldi.
O‘zbekistonda yoz faslining o‘rtasi odatda qanday issiq bo‘lsa ushbu yilning iyul oyi katta qismi ham shunday issiq bo‘ldi.
Oyning harorat tartibi har turli bo‘ldi. Birinchi o‘n kunlikda O‘zbekiston hududiga Kavkazdan salqin havo kirib keldi va hududning katta qismida 32-36 daraja atrofida bo‘lgan qulay havo harorati kuzatildi va hatto respublikaning eng chekka janubida ham harorat 37-39 darajadan yuqoriga ko‘tarilmadi.
Ammo ikkinchi o‘n kunlikning boshidan boshlab yoz respublika hududida o‘z ta’sirini o‘tkazishga qaror qildi. Respublika hududiga Erondan yana issiq tropik havo kirib kelishi boshlandi va harorat ko‘tarildi. O‘zbekistonning katta qismida kunduzgi harorat 37-40 daraja atrofida, eng issiq davrlarda esa 41-42 darajagacha, janubda 43-45 darajagacha, cho‘l hududlarda va Orolbo‘yida 46 darajagacha bo‘ldi.
Iyul oyida harorat 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni: Toshkentda 8 kun (o‘rtacha yillik qiymati (me’yor) 2 kun), Termiz shahrida 24 kun (me’yor 16 kun), Nukusda 8 kun (me’yor 4 kun) qayd etildi.
Issiq ob-havo bo‘lishiga qaramay, iyul oyida maksimal havo harorati yangi rekordlarni o‘rnatmadi.
Eng issiq iyul oyi reytingida 2023-yil iyul oyi hududning kattta qismi bo‘yicha 2019 va 2021 yillarning iyul oylaridan so‘ng birinchi uchlikka kirdi. Respublikaning g‘arbiy va janubi-g‘arbiy hududlari bo‘yicha bu yilning iyul oyi eng issiq iyul oylar orasida 4-6-o‘rinni egalladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter