Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda yana bir ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi

O‘zbekistonda yana bir ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi

Foto:«WestNews»

Hukumat qarori bilan «O‘zstandart» agentligi huzurida Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanalida xabar berildi. 

Qaror bilan shuningdek quyidagilar tasdiqlandi:

- Ilmiy-tadqiqot institutining ustavi hamda tuzilmasi;

-Respublikada xalqaro, davlatlararo, mintaqaviy standartlarni va xorijiy mamlakatlarning standartlarini qabul qilish va qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom;

-Standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitalarning faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Institut standartlashtirish, texnik jihatdan tartibga solish, metrologiya va muvofiqlikni baholash, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash sohasida davlat ilmiy muassasasi hisoblanadi.

Respublikada xalqaro, davlatlararo, mintaqaviy standartlarni va xorijiy mamlakatlarning standartlarini qabul qilish va qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, xalqaro standartlar davlat standartlari shaklida, davlat tilida va standartning asli yozilgan tillardan birida qabul qilinadi.

O‘zbekistonning davlat standarti quyidagi hollarda xalqaro standartlar bilan aynan o‘xshash hisoblanadi:

-davlat standarti texnik tarkibi, tuzilishi va mazmuni jihatidan aynan o‘xshash bo‘lsa;
-davlat standarti texnik tarkibi jihatidan aynan o‘xshash, biroq, unga tahririy o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.

O‘zbekistonning davlat standarti quyidagi shartlarda xalqaro standartga nisbatan noekvivalent hisoblanadi:

-identifikatsiyalanmagan va ularni kiritish sabablari tushuntirilmagan texnik og‘ishlarni o‘z ichiga olgan;

-identifikatsiyalanmagan va tushuntirilmagan, tuzilmasida xalqaro standart bilan oddiy taqqoslashni ta’minlamaydigan o‘zgarishlarga ega;

-xalqaro standart talablarining katta bo‘lmagan qismini o‘z ichiga olgan.

Standartlarni qabul qilish bo‘yicha Agentlikka ariza tushganidan so‘ng Agentlik besh kunda xorijiy mamlakatlarning roziligini olish uchun so‘rov yuboradi.

Qabul qilinayotgan Standart manfaatdor tomonlar tomonidan o‘n besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqiladi va o‘z takliflarini kiritadi.

Taklif bildirilmasa standart kelishilgan hisoblanadi.

Besh kunda Agentlik standartning muvofiqligi haqida qaror qabul qiladi.

Agentlik qabul qilingan standartlar reyestrini yuritadi.

O‘zbekiston hududida qabul qilingan Standartlar to‘g‘risidagi ma’lumot Agentlik va Institutning rasmiy saytlarida qo‘llash haqidagi qaror qabul qilingandan so‘ng 5 kundan kech bo‘lmagan muddatda e’lon qilinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring