O‘zbekistonda ilk bor notarial harakat onlayn ravishda amalga oshirildi
Bugun, 23-dekabr kuni e-notarius.uz axborot portali orqali birinchi onlayn notarial harakat masofadan turib rasmiylashtirildi. Bu Markaziy Osiyoda miqyosida ham notariusga bormasdan turib amalga oshirilgan birinchi onlayn notarial harakatdir. Bu haqda Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.
Fuqaro U. V. notarial idoraga kelmasdan turib, voyaga yetmagan farzandini chet elga chiqishga rozilik berish arizasini videokonferensaloqa yordamida rasmiylashtirdi. Mazkur xizmat test rejimida ishga tushirildi va keyingi yilning boshidan to‘liq tatbiq etiladi.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida ayrim notarial harakatlarni amalga oshirish uchun notarial idoraga bormasdan, notarius qabulida navbat kutmasdan, uydan yoki dunyoning istalgan joyidan turib, ayrim notarial harakatlarni masofadan, ya’ni vidiyeokonferensaloqa yordamida e-notarius.uz axborot portali orqali amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Endilikda e-notarius.uz axborot portali orqali mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan ishonchnomani tasdiqlashni, ijro xatini yozishni, arizadagi imzoning haqiqiyligini shahodatlashni (doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yishga rozilik, voyaga yetmagan farzandni chet elga chiqishga rozilik berish bilan bog‘liq ariza va majburiyatnomalar), shuningdek to‘lovlarni ham amalga oshirish mumkin.
Qanday amalga oshiriladi?
Onlayn notarial harakatni rasmiylashtirish uchun e-notarius.uz axborot portaliga kirib, respublikadagi istalgan notariusga masofadan turib notarial harakatni rasmiylashtirishni so‘rab murojaat qilinadi.
Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida murojaat qiluvchining shaxsiga oid ma’lumotlar ONE ID — Identifikatsiyalashning yagona tizimi orqali avtomatik ravishda to‘ldiriladi. e-notarius.uz axborot portalida notariusga murojaat qilishning tartibi va bosqichlari fuqarolar tushunishi uchun qulay shaklda, alohida eslatmalar bilan o‘zbek va rus tillarida joylashtirilgan.
Ma’lumotlar murojaat qiluvchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangandan so‘ng, onlayn notarial harakat uchun to‘lov kvitansiyalari ham avtomatik ravishda shakllantiriladi.
Murojaat qiluvchi va notarius kelishilgan vaqtda notarial harakatni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun videokonferensaloqaga chiqadi va notarial harakat rasmiylashtiriladi.
O‘zbekistonda onlayn notarial harakatlar davri boshlandi va Adliya vazirligi bu amaliyotni doimiy kengaytirib boradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter