Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda 2024 yil uchun «kambag‘allik chegarasi» yangilandi

O‘zbekistonda 2024 yil uchun «kambag‘allik chegarasi» yangilandi

Hukumatning 2021-yil 27-avgustdagi 544-son qarori bilan O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari qiymati hisoblab kelinadi.

Statistika agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2023-yil (yillik) inflyasiya darajasidan kelib chiqib, 2024-yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati belgilangan. Agentlikka ko‘ra, mazkur qiymat, ya’ni «kambag‘allik chegarasi» bir oyda kishi boshiga 621 ming so‘m etib belgilandi.

Jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichdan:

  • davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;  mamlakat kambag‘allik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real iste’mol xususiyatlari va talablarini inobatga olish; 
  • kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish; 
  • pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash,shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari — uy xo‘jaliklarining real iste’mol qiymatlari va tarkibini o‘rganish asosida ularning sog‘lom hayot kechirishlari uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlar hamda xizmatlar uchun minimal xarajatlarning hisoblangan qiymatidir.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 18-iyulida O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 568 ming so‘m etib belgilangan edi. Mazkur ko‘rsatkich 2021-yil uchun 440 ming so‘m, 2022-yil uchun esa 498 ming so‘m etib belgilangan.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring