O‘zbekistonda 1 millionga yaqin o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar bor
O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha o‘tkazilayotgan bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida o‘tkazilgan xatlov natijasida respublika bo‘yicha jami 1 mln.ga yaqin o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylar aniqlangan. Bu haqda «Xabar.uz»ga Davlat xizmatlari agentligining Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qildi.
Ushbu aksiya boshlangan vaqtdan buyon Davlat xizmatlari markazlariga 38 mingga yaqin murojaat kelib tushdi. Bu xatlov natijasida aniqlangan imoratlarning atigi 3,8 foizini tashkil qilmoqda.
Murojaatlar natijasi bo‘yicha shu vaqtga qadar 5 mingdan ortiq o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqi berilgan.
Biroq, komissiyaning ijobiy xulosalari mavjud bo‘lsa-da, tuman (shahar) hokimliklari tomonidan 2 360 ta murojaat yuzasidan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha tegishli qarorlar o‘z vaqtida qabul qilinmagan.
Ushbu holatlar bo‘yicha Davlat xizmatlari agentligi tomonidan vakolatli organlarga nisbatan tegishli huquqiy ta’sir choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, 91 nafar aybdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi va ulardan 41 mln. so‘mdan ortiq jarima undirildi hamda 34 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-apreldagi PF–5421-sonli Farmoniga muvofiq fuqarolarga o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasining amal qilish muddati 2019-yilning 1-mayiga qadar etib belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter