O‘zbekiston zilziladan jabr ko‘rgan afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami yubordi
Bugun, 10-oktyabr kuni O‘zbekiston zilziladan jabr chekkan qo‘shni Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik yordami yubordi. Insonparvarlik yordami O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev boshchiligida yetkazilgan.
Transport vazirligi bergan xabarga ko‘ra, yuborilgan yordam yuki tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari: un, bug‘doy, yog‘, makaron, go‘sht mahsulotlari, guruch, shakar hamda chodir va odeyallar, shuningdek birlamchi tibbiy yordam uchun zaruriy barcha vositalar bor.
Yordam yuki My Freighter aviakompaniyasining Boeing-747 yuk samolyotida Hirot shahriga yetkazib berildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 7-oktyabr kuni Afg‘oniston g‘arbida silkinish kuchi 6,3 magnitudaga teng bo‘lgan zilzila, keyinchalik esa kuchi 5 magnituda atrofida bo‘lgan bir nechta aftershoklar qayd etilgan edi.
ZIlzila oqibatida halok bo‘lganlarning soni, ayrim manbalarga ko‘ra, 2,5 ming nafarga yetgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter