O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo hajmi qariyb 14 mlrd dollarga yetgan
Xitoy O‘zbekistonning yetakchi savdo sheriklaridan biri va O‘zbekiston iqtisodiyotiga yetakchi sarmoyador hisoblanadi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini qamrab olyapti.
Jumladan, 2023-yilda O‘zbekistonning Xitoy bilan tovar ayirboshlash hajmi 51,5 foizga o‘sib, 13,7 milliard dollarni tashkil etdi, eksport 2,5 milliard dollarni, import esa 75,2 foizga o‘sib, 11,3 milliard dollarni tashkil etdi. 2023-yilda Xitoydan importning asosini mashina va uskunalar, sanoat tovarlari va kimyoviy moddalar tashkil qiladi.
O‘tgan yilning 17-oktyabrdagi «Bir kamar, bir yo‘l» tashabbusining 10 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida ikki davlat rahbarlari yaqin 5 yilda tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard dollarga yetkazish uchun barcha asoslar mavjudligini o‘zaro kelishib olishgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasidagi Xitoyning ulushi 21,9 foizni, umumiy eksport – 10,1 foizni, jami import – 29,5 foizni tashkil etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter