O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida 9,6 mlrd. dollarlik loyihalar tayyorlandi
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Yun Sok Yol O‘zbekiston-Koreya biznes forumida ishtirok etdilar.
Koreya tomonidan tadbirda SK Group, Lotte Corporation, KOGAS, POSCO, Samsung, LG, Hyundai, KIA, Doosan, BoMI, Eksimbank, EDCF jamg‘armasi, Koreya taraqqiyot banki kabi 80 dan ortiq yetakchi kompaniya va bank-moliya institutlari rahbarlari qatnashdi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Koreya Respublikasi O‘zbekistonning an’anaviy va yirik savdo, investitsiya va texnologik hamkorlaridan biri ekanini ta’kidladi.
O‘tgan yil yakunida 2,5 milliard dollarga yetgan tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar o‘sgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zbekiston iqtisodiyotidagi koreys investitsiyalari hajmi 7,5 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Bugungi oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida yetakchilar savdo va investitsiyalarni ko‘paytirish choralarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma loyihalarni moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida kelishib oldilar.
– Biz zamonaviy sharoitlarda hamkorlikning yangi modelini yaratishga kelishib oldik. O‘zaro munosabatlarimizda “Yuqori texnologik va innovatsion hamkorlikning yangi davri” boshlanmoqda, – dedi Prezidentimiz.
O‘zbekistonda mintaqaviy yuqori texnologik xabni tashkil etish bo‘yicha strategik dasturni ishlab chiqishga qaror qilindi.
Dastur o‘ta muhim xomashyo resurslari, yarim o‘tkazgichlar, kimyo, mashinasozlik, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va shaharsozlik, “yashil” energetika kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda Koreya Respublikasi O‘zbekiston iqtisodiyoti va sanoatini modernizatsiya qilishda muhim hamkorga aylanganini ta’kidladi. Bugungi kunda Koreyaning yetakchi kompaniyalari va banklari bilan 5 milliard dollarlik yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
POSCO kompaniyasi bilan to‘qimachilik klasteri, Eksimbank va CNT bilan ko‘p tarmoqli bolalar klinikasi, Shingdong Enercom bilan kremniyni qazib olish va qayta ishlash kabi loyihalar bu boradagi muvaffaqiyatli sheriklikka misol bo‘ladi.
Yetakchilar biznes forumi doirasida 9,6 milliard dollarlik yangi investitsiya loyihalari to‘plami tayyorlanganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, xususiy mulk daxlsizligi va investorlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan islohotlar ortga qaytmasligini alohida ta’kidladi.
– O‘zbekiston-Koreya hamkorligining salohiyati juda yuqori. Bizning iqtisodiyotlarimiz bir-birini samarali to‘ldirishga qodir, – dedi Prezident.
Shu nuqtai nazardan kelgusi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
Avvalo, strategik xomashyoni ilg‘or texnologiyalar asosida chuqur qayta ishlash va yuqori qiymatli mahsulotlarni uchinchi davlatlarga eksport qilish.
Bu borada muhim qadam sifatida o‘ta yupqa mis folgani birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha bitim imzolandi. Shuningdek, O‘zbekiston-Koreya nodir metallar ilmiy-texnologik markazi faoliyatini kengaytirish ham ko‘zda tutilgan.
Elektrotexnika sanoatidagi sheriklik doirasida Toshkent viloyatida Markaziy Osiyoda birinchi yarimo‘tkazgichlar klasterini barpo etish hamda elektrotexnika va texnik kremniy ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiyani kengaytirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston kimyo sohasida koreys biznesi bilan strategik sheriklikni rivojlantirish niyatida. “Yashil” vodorod, ammiak va kauchuk mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, tashrif doirasida Eksimbank va KOICA ko‘magida Kimyo texnologiyalari markazini tashkil etishga start berilmoqda.
Koreya kompaniyalari O‘zbekistonning avtomobilsozlik sohasidagi mintaqaviy yetakchiligida muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi. Masalan, KIA bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida zamonaviy avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Prezidentimiz koreys biznesini mashinalarning yangi modellari va butlovchi qismlarini mahalliylashtirish jarayonida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, agrar tarmoqqa “aqlli” texnologiyalarni joriy etish sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirildi.
Shu ma’noda, mamlakatimiz hududlarida qayta tiklanadigan energiya manbalari asosida ishlaydigan “yashil” issiqxonalar va bog‘lar yaratish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirish boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zbekiston Koreyaning infratuzilma va shaharsozlik sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganishdan manfaatdor. Bu borada koreys hamkorlarning davlat-xususiy sheriklik asosida transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishdagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi.
Yurtimizga Hyundai Rotem tezyurar poyezdlarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuv imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Koreya moliyaviy institutlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish muhimligi ta’kidlandi. Sammit doirasida ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha EDCF jamg‘armasi bilan umumiy qiymati 2 milliard dollarlik hamkorlik dasturi imzolandi.
Davlatimiz rahbari koreys ishbilarmon doiralari vakillariga O‘zbekiston Hukumati barcha kelishuvlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirishda faol qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
Shu maqsadda qo‘shma loyihalarni muvofiqlashtirish va ilgari surishning yangi tizimi joriy etilishi e’lon qilindi.
O‘z navbatida, Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar dasturini yuqori baholab, o‘zaro manfaatli sheriklik ko‘lamini kengaytirish uchun ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter