Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va AQSh dori vositalari xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik qiladi

O‘zbekiston va AQSh dori vositalari xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik qiladi

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri A.Inoyatov va AQSh elchisi J.Henik.

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida xavfsiz va sifatli dori vositalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu muhim hujjat Toshkentda ilk bor tashkil etilgan O‘zbekiston–AQSh sog‘liqni saqlash forumida ma’qullangan.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Devid Hoffman imzo chekkan hujjat O‘zbekistonda sil va boshqa kasalliklarga qarshi dori vositalaridan xavfsiz va sifatli foydalanish imkoniyatini kengaytirish, farmatsevtika tarmog‘i ravnaqini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

«Memorandum ikki hukumatning barcha uchun salomatlikni yaxshilash bo‘yicha umumiy maqsadlarga erishishda hamfikr ekanini yana bir karra tasdiqlaydi», – deyiladi AQSh elchixonasi xabarida.

USAID O‘zbekistondagi milliy manfaatdor tomonlar va hamkorlar bilan dori vositalari sifatini ta’minlash tizimini barqaror mustahkamlash hamda fuqarolarning sifati kafolatlangan dori vositalari va tibbiy buyumlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash maqsadida yaqindan hamkorlik qiladi. Bu borada AQSh farmakopeyasi tomonidan amalga oshirilayotgan «Sifatli dori vositalarini targ‘ib qilish+» dasturi asosiy o‘rin tutadi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov va AQShning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik imzolagan kelishuvga ko‘ra esa, O‘zbekiston AQSh Global sog‘liqni saqlash xavfsizligi dasturining 50 ta hamkor mamlakatidan biriga aylanadi.

Avval xabar berganimizdek, USAID O‘zbekistonda sil kasalligini kamaytirish uchun maqsadli investitsiyalarni ta’minlashga qaratilgan besh yillik dasturni ishga tushirgan.

Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi, AQSh hukumati va xalqaro hamkorlarning birgalikdagi sa’y-harakati tufayli yurtimizda silga qarshi kurashda ijobiy natijalarga erishildi. Jumladan, sil kasalligidan o‘lim holati 5 barobarga, silga chalinish hollari esa 2 barobarga kamaydi. 2019-2025 yillar ichida esa sil bilan kasallanish holatini 20 foizga kamaytirish ko‘zda tutilgan.

COVID-19 pandemiyasi davrida ham AQSh koronavirusga qarshi kurash doirasida O‘zbekistonga moliyaviy ko‘mak va ko‘p millionli vaksina ajratgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring