Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston rahbarlari o‘zaro uchrashdilar (foto)

O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston rahbarlari o‘zaro uchrashdilar (foto)

Foto: Prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-avgust kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida hamda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ishtirokida o‘tgan uch tomonlama sammitda ishtirok etdi.

Uchrashuv kun tartibiga muvofiq, suv resurslaridan oqilona foydalanish, energetika sohasini rivojlantirish, transport-logistika salohiyatini oshirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida Turkmaniston Prezidentiga sammitni tashkil etgani va ko‘rsatilayotgan mehmondo‘stlik uchun hamda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga tadbirni o‘tkazish tashabbusi uchun minnatdorlik bildirdi.

Mintaqa mamlakatlarining mushtarak ochiqlik, birdamlik va hamjihatlik siyosati o‘zining amaliy natijalarini berayotgani qayd etildi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika va logistika sohalarida savdo amaliyotlari va kooperatsiya kelishuvlari karrasiga oshdi. Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaydi.

Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlarining samarali faoliyati qayd etildi. Yakdillik tufayli ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan o‘zaro maqbul yechimlar qabul qilinayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Prezidenti yangi xavf-xatarlarga e’tibor qaratib, ularga munosib va chuqur o‘ylangan javoblarni birgalikda izlash zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

Bu mintaqada suv tanqisligi tobora ortib, keyingi yillarda keskin tus olayotgan sharoitda ayniqsa muhimdir.

Suv tejaydigan ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, suv resurslarini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish, sel va toshqin suvlarini to‘plash va saqlash uchun infratuzilmani birgalikda rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni faollashtirish taklif qilindi.

- Bu masalalarda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining butun salohiyatini hamda Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kabi sherik tashkilot va tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni ishga solish lozim, – dedi davlatimiz rahbari.

So‘ng Prezidentimiz Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida energetika sohasida, shu jumladan energiya resurslarini yetkazib berish va ularning tranziti borasida yaqin, samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi.

Mamlakatlarimizning «yashil» iqtisodiyotga o‘tishga intilishi mushtarak ekanini hisobga olib, gidro va issiqlik energetikasida loyihalarni birgalikda amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi.

O‘zaro integratsiyalashgan transport infratuzilmasini yaratish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mamlakatimiz yetakchisi «O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron» yo‘lagining rivojlantirilishi, Transkaspiy yo‘nalishi salohiyatining ishga solinishi Markaziy Osiyoning «Sharq – G‘arb» va «Shimol – Janub» xalqaro yo‘laklaridagi tranzit markazi sifatidagi jozibadorligini oshirishiga ishonch bildirdi.

Shu maqsadda xalqaro yuk tashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish, raqamlashtirishni jadallashtirish va nazorat-o‘tkazish maskanlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish yo‘lida birgalikda ishlash taklif qilindi.

Dunyoning bosh maydoni – Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish va mintaqa mamlakatlari tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va ravnaqni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarni bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidladi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring