Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekiston temir yo‘llari» afg‘on temiryo‘lchilari iddaolariga javob qaytardi

«O‘zbekiston temir yo‘llari» afg‘on temiryo‘lchilari iddaolariga javob qaytardi

Xabar.uz bir muddat oldin Afg‘oniston tomonining «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJni kelishilgan shartnomalarni bajarmayotganlikda ayblab chiqqani haqida xabar bergan edi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» Tolibon hukumati temiryo‘lchilarining ushbu iddaolariga javoban ayrim izohlarni bermoqda.

O‘zbekiston tomoniga ko‘ra, 2022-yil dekabr oyida Afg‘onistonning maxsus komissiyasi bilan ko‘rib chiqilib, kelishilgan «Sogdiana trans» sho‘ba korxonasi va Afg‘oniston temir yo‘llari o‘rtasidagi yangi shartnoma shartlarini Afg‘oniston temir yo‘llari boshqarmasi rahbari tomonidan yangitdan sharhlanishi va bunda ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston tomonini ayblashga harakat qilayotgani hamda kelishilgan xizmat qiymatlarini boshqacha talqin qilib o‘zini oqlash uchun foydalanayotgani tushunarsiz vaziyatni yuzaga keltirmoqda.

Shuningdek, Afg‘oniston tomonidan Hayraton stansiyasida amalga oshirishi lozim bo‘lgan texnik ishlarini, o‘zlari tomonidan belgilangan muddatlarda amalga oshira olmagani to‘g‘risida hech qanday tushuntirish berilmayapti.

Ya’ni, Hayraton stansiyasiga yetkazib berilgan vagonlarni bo‘shatish va qaytarish ishlarini tashkil etish uchun Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi Qozog‘istonning «Mansor Fateh» kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan bo‘lsa-da, ushbu tashkilot 31-yanvarga qadar Hayraton stansiyasida kelishilgan muddatda ishlarni tashkillashtirishga ulgurmagan.

«Bundan tashqari «Sogdiana trans» sho‘ba korxonasi tomonidan tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularni qo‘llab quvvatlash maqsadida vaqtinchalik avtomobil transporti orqali yuklar tashuvini tashkillashtirishda yordam berishiga qaramay, qo‘shni davlat tomoni tadbirkorlarga yuklarni avtomobil transporti orqali tashimaslik to‘g‘risida tavsiya berayotgani haqida ma’lumotlar kelmoqda», – deyiladi kompaniya izohida.

«O‘zbekiston temir yo‘llari», shu bilan birga, Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi rahbariyatining iltimosiga ko‘ra keyingi hafta boshida Termiz shahrida Afg‘onistonga temir yo‘l orqali yuklarni tashishni tashkil etish, Hayraton stansiyasiga yetkazib berish va olib chiqishni tashkil etish bo‘yicha «Sogdiana trans» sho‘ba korxonasi va Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi o‘rtasida yangi shartnoma imzolanishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Shartnoma imzolangan kundan boshlab esa G‘alaba – Hayraton temir yo‘li ochilishi ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 1-fevral kuni O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi kelishilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshira  olmayotgani sababli temir yo‘l qatnovi vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring