Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekiston temir yo‘llari»ning yog‘och kovushi yoxud maqolaga munosabat qani?!

«O‘zbekiston temir yo‘llari»ning yog‘och kovushi yoxud maqolaga munosabat qani?!

Sabotaj fransuz tilidan olingan – sabotage, ya’ni yog‘och kovush bilan taqillatmoq ma’nosini beradi. Xo‘p, yog‘och kovushning bu mavzuga nima qaloqasi bor dersiz. Tasavvur qiling, yog‘och kovush kiygan odam u yoqdan buyoqqa yurib asabingizga tegayapti. Sabotaj so‘zining ma’nosi ongli holda zararkunandalik, ya’ni yog‘och kovush kiygan odam sizga ongli ravishda zararkunandalik qilyapti.

Yana bir ma’nosi — shaxs yoki shaxslar guruhi tomonidan ongli holda o‘z xizmat vazifasini ataylab bajarmaslik yoki sifatsiz va beparvolik bilan bajarish, ishdan bosh tortish, islohotlarga zimdan qarshilik. Mana to‘rt kundirki, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ Xabar.uz saytida chiqqan «O‘zbekiston temir yo‘llari»dagi xizmat 90-yillarni eslatyapti(mi?)» sarlavhali maqolaga o‘z munosabatini bildirgani yo‘q.

Gapni nima uchun sabotajdan boshladik, sababi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning nafaqat yo‘lovchilarga qoniqarsiz xizmat ko‘rsatib islohotlarni yo‘qqa chiqarayapti, balki jurnalistning maqolasiga vaqtida javob bermay ongli holda o‘z xizmat vazifasini atay bajarmayapti... Hattoki, harakat ham qilmayotganga o‘xshayapti. O‘sha maqola chiqqanidan keyin muxbirimiz Laylo Hayitovaga matbuot kotibi, «yo‘q hali tekshiruv o‘tkazilayapti, bir-ikkitasi ishdan bo‘shasin keyin javob beramiz», degan quruq gapdan nariga o‘tmagan. Zero, bundan oldin ham xuddi shunday tanqidlarga, bo‘lib ham xorij blogerlarining tanqidiga ot choptirib javob bergan «O‘zbekiston temir yo‘llari» jurnalistning maqolasiga javob berishga shoshmayapti yoki mensimayapti.

Matbuot kotibi jurnalistikaga oid barcha yangiliklar, o‘zlariga qo‘yilayotgan talablardan yo xabarsiz yo xabari bo‘lsayam och qulog‘im tinch deydiganlardan, shekilli. Agar maboda esida bo‘lmasa, Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov bir yig‘ilishda aytgan gapini eslatib qo‘ymoqchimiz: «Ommaviy axborot vositalarida chiqqan negativ ma’lumot 1 soat ichida viloyat hokimiga yetkazilishi kerak. Ko‘pi bilan 3-4 soat ichida rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida dastlabki o‘rganish natijalari e’lon qilinishi kerak. Ya’ni «o‘rganyapmiz» yoki «ko‘rdik bu ma’lumotni», «ha haqiqatdan ham bu masala bizning viloyat bilan bog‘liq, bizning tuman bilan bo‘lgan  masala», deb fikr bildirish kerak. 24 soat ichida mazkur voqea, voqelik yoki hodisa bo‘yicha aniq pozitsiya bo‘lishi kerak».

Shu o‘rinda jurnalist Norqobil Jalilning facebook sahifasidagi postiga e’tibor qaratishingizni so‘raymiz: «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ «Xabar.uz» muxbiriga nima deb javob berarkin?!

«...Eslang, 2023 yil 18 fevral kuni «Sharq» yo‘lovchi poyezdining «Samarqand – Toshkent» yo‘nalishida harakatlangan rossiyalik sayyoh-bloger Ilya Varlamov o‘zi kelgan kupe vagonida guvohi bo‘lgan kamchiliklar haqida videolavha tarqalgach, ushbu holatga «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ rasmiy munosabat bildirgan va aybdorlar qonun doirasida jazolangan ham edi. Yaqinda esa o‘zimizning uch-to‘rt artistlarimiz ham poyezdlarda (menimcha, oddiy xalq necha yillarki, bunday minnatli xizmatdan bahra olib kelishayotganini ular bilishmagandir balki) yo‘lovchilarga yetarli sharoitlar yaratilmagani haqida ijtimoiy tarmoqda videolavha qo‘yishganidan so‘ng qancha gap-so‘zlar bo‘lgandi. Oradan ko‘p o‘tmadi yana bir xorijlik, to‘g‘rirog‘i, eronlik mashhur sayohatchi bloger Muizin Miratvariy ham «Afrosiyob» poyezdida ko‘rgan-kechirgan xush-noxush taassurotlarini e’lon qildi! Rosa vahima qilishdi-ku, chora-tadbirlar belgiladik, aybdorlar jazolanadi, deganday. Ammo...

«Xabar.uz» saytida kuni kecha e’lon qilingan achchiq va alamli tanqidiy maqolaga XALQ bilan, JAMOATChILIK birga jiddiy javob topish vaqti kelmadimi?

Maqola muallifi – taniqli jurnalist Laylo Hayitova o‘zi guvoh bo‘lgan o‘ta ayanchli voqealarda, zarracha mubolag‘a yo‘qligiga ishonchim komil. Sababi, aynan aholiga temir yo‘l xizmati ko‘rsatishdagi ko‘ngilsiz holatlar  xususida Laylo avvallari ham bir necha marta jonli, hayotiy misollar orqali maqola e’lon qilganiga guvohman. Lekin, ming afsuski, uning bu chiqishlari havoga uchib ketgani rost!

Xo‘sh, kim javob beradi: Laylo Hayitovaning yuqorida, tilga olganlarim – xorijlik blogerlardan kam joyi bormi? Kim aytadi? Nega uning «ogohlikka chorlov»lari javobsiz qolmoqda? Tanqidiy chiqishlari noxolis, bir yoqlama yo noto‘g‘ri bo‘lsa munosabat bildirish kerak-ku yoki tanqidiga raddiya talab qilish kerak emasmidi? Sukut saqlashga ustamiz biz.

Xorijdagi ayrim OAVlar yoki saytu qandaydir xususiy TGlar qaysidir sohamizni to‘g‘rimi-noto‘g‘rimi, salgina «urib» chiqsa oyog‘ini qo‘lga olib zir yuguradigan MATBUOT KOTIBlari, nega jimsiz? Ovoz bering, qayerdasiz? Nega sukut saqlayapsizlar? Rahbaringiz imkoni boricha bunday «sovuq xabar»larni bilmasa, o‘qimasa, ko‘rmasa, sizga yaxshi-da, to‘g‘rimi?  

Dangal gapni aytaymi, aslida o‘sha rus bloger Ilya Varlamov yoki eronlik  bloger Muizin Miratvariy shov-shuv ko‘targan video chiqishlar shaxsan mening nazarimda «Xabar.uz» muxbiri Laylo Hayitovaning «qalampirli» maqolasi oldida hatto sariq chaqagayam arzimaydi. Ularning ustunligi – chet ellik ekani-da, qanday bo‘lmasin, imijimizga soya soladigan bunday chiqishlarga «shessekund»da javob tayyorlaymiz. O‘zimiznikiga kelganda esa...

Ha, endi, o‘zimizniki yozsa yozibdi-da, arzimagan bitta «uzr»minan qutulamiz, deydiganlar, endi adashasiz! Prezident, davlatimiz sizlardan bunday sovuqqonlik, loqaydlikni kutayotgani yo‘q. Endi bor haqiqatni xaspo‘shlash, xo‘jako‘rsinlikka yozilajak «otpiska»lar, yolg‘on munosabatlar yozish davri o‘tdi. Xalqni, odamlarni endi aldab bo‘lmasligini tezroq anglab yetinglar!».

Tasodifni qarangki, o‘sha kunlari, ya’ni 6 avgust kuni Prezident huzurida temiryo‘l sohasidagi natijalar va rejalar ko‘rib chiqildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda yo‘lovchi vagonlarining ahvoli, sovitish tizimidagi muammolar bo‘yicha ko‘p e’tirozlar bo‘layotgani ta’kidlandi. O‘tgan yili 10 oktyabrda «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJni transformatsiya qilishga oid prezident qarori qabul qilingan edi. Bu jarayonga ko‘maklashish maqsadida xalqaro konsalting kompaniyasi ham jalb etildi.

O‘sha yig‘ilishda ta’kidlanishicha, ilgari yillar davomida zararga ishlab kelgan «O‘zbekiston temiryo‘llari» bu islohotlar natijasida foyda ko‘rishga o‘tgan. Ammo O‘zbekiston temir yo‘llaridagi bugungi ahvol islohotlar haqida emas, balki noroziliklardan darak berib turibdi. Aynan mana shunday holatlar ongli holatda zararkunandalik, islohotlarga qarshi sabotaj emasmi?

Taqdimotda keyingi vaqtlarda yo‘lovchi vagonlarining ahvoli, sovitish tizimidagi muammolar bo‘yicha ko‘p e’tirozlar bo‘layotganiga urg‘u berilgani ham bejiz emas. 143 ta vagon ta’mirtalab. 59 ta lokomotiv xizmat muddatini o‘tab bo‘lganligiga va shuning uchun yangi yo‘lovchi vagonlar ishlab chiqarishga Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasidan 50 mln dollar ajratilayotganiga alohida urg‘u berib o‘tildi. 38 ta lokomotiv olib kelish va 12 ta elektrovozni modernizatsiya qilish bo‘yicha xitoylik hamkorlar bilan 181 mln dollarlik kelishuvga erishilgan. Bu chakana mablag‘ emas.

Shuuuuncha islohotlar bo‘lsayu maqola muallifi aytganidek «O‘zbekiston temir yo‘llari»dagi xizmat 90-yillarni eslatyapti.

«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJning rasmiy sahifasida 712-F sonli «Toshkent – Buxoro» yo‘nalishida harakatlangan yo‘lovchi poyezd haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga matbuot kotibi tomonidan shunday izoh bildirilibdi: 2024 yilning 1-avgust kuni harakatlangan mazkur poyezdda yo‘lovchilarni «Kupe» vagonga o‘tkazishni va’da qilgan vagon kuzatuvchisi va poyezd boshlig‘iga nisbatan  «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi»  AJ tomonidan xizmat tekshiruvi boshlandi. Xizmat tekshiruvi natijasi haqida «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi»  AJ rasmiy sahifalarida e’lon qilinadi...

Oradan to‘rt kun o‘tdi. Telegramdagi rasmiy sahifada shuncha islohotlar ketayotgan soha haqida to‘rtta xabardan boshqa narsa qo‘yilmagan. Tahririyat esa har kuni bir necha bor sahifani kuzatishdan bo‘shamayapti – bizga berilishi kerak bo‘lgan munosabatdan hali umidini uzgani yo‘q. 

«O‘zbekiston temir yo‘llari» esa yog‘och kovushini yechish niyati yo‘qqa o‘xshayapti – taq-tuq, taq-tuq...  

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring