O‘zbekiston Prezidenti Pokiston Bosh vaziri bilan Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-oktyabr kuni Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlatimiz rahbari Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Suhbat avvalida Pokiston Hukumati rahbari mamlakatimiz yetakchisini saylov kampaniyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va Prezident saylovida ishonchli g‘alabaga erishilgani bilan samimiy qutlab, do‘st O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.
O‘zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri ikki tomonlama hamkorlikda barqaror rivojlanish tendensiyasi kuzatilayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Joriy yil iyul oyida o‘tgan Toshkent sammiti davomidagi samarali uchrashuvlar ko‘p qirrali O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarini aniq mazmun bilan boyitib, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga xizmat qildi.
O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari ortayotgani, ikki mamlakat yetakchi kompaniyalarining sanoat kooperatsiyasi ko‘lami kengayib borayotgani alohida ta’kidlandi. Investitsiya, bank-moliya, transport-kommunikatsiya, gumanitar va boshqa sohalarda yangi loyiha va dasturlar ishlab chiqilmoqda.
Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi. Ushbu mamlakatda tinchlik o‘rnatilishiga va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga erishishga ko‘maklashish maqsadida xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirish muhim ekani qayd etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter