O‘zbekiston Milliy bankining ilk yevroobligatsiyalari xalqaro kapital bozorida joylashtirildi
«O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJ London fond birjasida 5 yillik 300 million dollarga teng yevroobligatsiyalarni muomalaga chiqardi va shu bilan xalqaro kapital bozorining to‘laqonli ishtirokchisiga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga navbatdagi Murojaatnomasida, bank tizimi va kapital bozorini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligiga, shu jumladan tijorat banklari uzoq muddatli investitsiyalarni jalb qilish maqsadida xalqaro kapital bozoriga chiqishi zarurligiga alohida e’tibor qaratdi.
Xalqaro kapital bozori mamlakatda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda va xorijiy investitsiyalarni keng miqyosda jalb qilishda muhim rol o‘ynaydi. 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi suveren yevroobligatsiyalarining muvaffaqiyatli joylashtirilishi, mahalliy korxonalarga, shu jumladan O‘zmilliybankka ham xalqaro bozorlarga chiqishi uchun yangi istiqbollarni ochib berdi.
Bugungi kunda, O‘z milliy bank xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini jalb etish va iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, ustuvor va strategik axamiyatga ega investitsion loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha respublikaning yetakchi bankidir.
Yevroobligatsiyalarning debyut emissiyasi O‘zmilliybank tomonidan Citibank (AQSh), Natixis (Fransiya), SMBCNikko (Yaponiya) va Gazprombank (Rossiya) kabi xalqaro miqyosda tan olingan anderrayting banklari bilan birgalikda amalga oshirildi.
Joriy yilning 12-13 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan roud-shou tadbiri doirasida AQSh, Yevropa, Rossiya Federatsiyasi va Osiyo mamlakatlarining 70 dan ortiq global xalqaro investorlari ishtirokida global audiokonferensiya (Global Investor Call) o‘tkazildi. Ushbu tadbir doirasida Moliya vazirligi va O‘zmilliybank vakillari xorijiy investorlarga joriy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiyoti va bank sektorida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni to‘g‘risida, xususan, O‘zmilliybank tomonidan yevroobligatsiyalari chiqarilishi nafaqat bank, balki butun mamlakat uchun dolzarbligi ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, 12 ga yaqin yirik xalqaro investorlar bilan yakkama-yakka uchrashuvlar tashkil etildi va ularning savollariga to‘liq javob berildi.
2020 yil 14 oktyabrda investorlarning takliflariga asoslangan moliyaviy konsultantlarning tavsiyasiga ko‘ra, O‘zmilliybankning ilk daromadlilik foiz stavkasi 5 - 5.25% (low-5%) belgilandi va London vaqti bilan soat 08:15 da buyurtmalar kitobi ochiq deb e’lon qilindi. London vaqti bilan 17:00 da bank tomonidan chiqarilgan xalqaro obligatsiyaning yakuniy foiz stavkasi va kuponi aniqlandi. Sarmoyadorlar tomonidan talab katta bo‘lganligi va bu emissiya hajmidan ikki baravar yuqori bo‘lganligi sababli, kuponning yakuniy qiymati yiliga 4,85%ni tashkil etib, savdo paytida boshlang‘ich foiz stavkadan 0,30% ga kamaydi.
Bank tomonidan yevroobligatsiyalarning bunday muvaffaqiyatli joylashtirilishi mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar xalqaro investorlar tomonidan ijobiy baholayotganligidan dalolatdir.
Bank tomonidan jalb qilingan mablag‘larni iqtisodiyotning strategik axamiyatga ega bo‘lgan yirik investitsion loyihalarni moliyalashtirishga va tadbirkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot uchun: yevroobligatsiya – bu xorijiy investorlar orasida xalqaro anderrayterlar sindikatining yordami bilan joylashtirilgan, emitent uchun chet el valyutasida chiqarilgan qarz majburiyatidir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter