Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston IT-tadbirkorlarini Buyuk Britaniyaning nufuzli agentligi qo‘llab-quvvatlaydi

O‘zbekiston IT-tadbirkorlarini Buyuk Britaniyaning nufuzli agentligi qo‘llab-quvvatlaydi

Foto: «Mitc.uz»

2019-yilning 18-22-mart kunlari Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi delegatsiyasi Buyuk Britaniyaning London shahrida bo‘lib, bir qator tashkilotlar va IT-kompaniyalar bilan urashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda AKT vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Muzokaralar natijasiga ko‘ra, «London TechWeek 2019»da mahalliy IT-kompaniyalarining ishtiroki hamda unda respublikamizni taqdim etish, Britaniya innovatsiyalar agentligi ochiq fondi mablag‘larini jalb qilish maqsadida Toshkent shahridagi Inha universiteti va Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti «startap-loyihalari»ni Buyuk Britaniyaning qo‘llab-quvvatlash dasturlarida ishtiroki, magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha mahalliy kadrlarning o‘qishlarini tashkil etish borasida Alan Tyuring instituti bilan yaqin munosabatlar o‘rnatish masalalari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Foto: «Mitc.uz»

Delegatsiya tashrifi doirasida, shuningdek, «Tech Nation» agentligi bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi. U Toshkent shahridagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkidagi IT-tadbirkorlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Tech Nation» dasturlarini tatbiq etish, IT-kompaniyalari ekotizimini takomillashtirish, texnologik kompaniyalar dasturlari va mexanizmlari bo‘yicha tajriba almashish va ularning kelgusidagi moliyalashtirilishi yuzasidan hamkorlikni nazarda tutadi.

«Tech Nation» 10 yil davomida Londondan tortib Birlashgan Qirollikning barcha hududlarini qamrab olgan holda, raqamli va kreativ ekotizimni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish ustida ish olib borayotgan Buyuk Britaniyadagi nufuzli agentlikdir.

Agentlik ulkan maqsadlarga ega bo‘lgan texnologik tadbirkorlarni ularning rivojlanishini dastlabki, o‘rta va so‘nggi bosqichlarida qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi. U mutaxassislar uchun o‘quvlar tashkil etadi hamda butun dunyo bo‘ylab raqamli texnologiyalar mutaxassislarini jalb etish maqsadida ularga viza masalalarida maxsus ko‘mak ko‘rsatadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring