O‘zbekiston elchixonasi mikroavtobusiga snaryad parchasi urildi
O‘zbekiston elchixonasiga tegishli bo‘lgan mikroavtobus O‘zbekiston fuqarolarini Xarkovdan evakuatsiya qilayotgan paytda shrapnel (dumaloq o‘qlar bilan to‘ldirilgan artilleriya snaryadi) parchasi kelib urilgan. Bu haqda O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Kurmanov «Daryo» nashriga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
«Xarkovda elchixonaga tegishli diplomatik mikroavtobusning oldi oynasiga, yon tomonni ko‘rsatuvchi oynalariga snaryad parchasi zarar yetkazgan. Shrapnel tushgan deyishdi», — dedi elchi.
Alisher Kurmanovning aytishicha, hodisa oqibatida fuqarolar jabrlanmagan.
Diplomatimiz talabalar bilan birgalikda poyezdga chiqib, Lvovga yetib olishi kerak edi. Xarkovdan mashinada chiqib ketish judayam qiyin va xatarli edi. Mashinada yetib borolmasdik. Biz imkon qadar manzilga tez borishimiz kerak edi. Mashinaga zarar yetgan, uning ustiga yonilg‘i ham tugagandi. Shu sababli mikroavtobusni vokzalda qoldirdik», — dedi Alisher Kurmanov.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, vaziyat tinchiganidan so‘ng o‘zbek diasporasi vakillaridan mashinani boshqa joyga olib qo‘yish iltimos qilinadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Ukrainadagi o‘z fuqarolarini Polsha orqali evakuatsiya qilmoqda. 28 fevral kuni Toshkent vaqti bilan 17:15 da O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan ilk samolyot Polshadan O‘zbekistonga yo‘l olgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter