Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston delegatsiyasi BMT konferensiyasida ishtirok etdi

O‘zbekiston delegatsiyasi BMT konferensiyasida ishtirok etdi

Ayni kunlarda BMTning bosh qarorgohida tuzilmaning Suv masalalari bo‘yicha konferensiyasi o‘tkazilmoqda. Xalqaro hamjamiyat 45 yillik tanaffusdan so‘ng ilk marotaba bunday konferensiyada jam bo‘ldi. Chunki masala nihoyatda dolzarb: 2050 yilga borib sayyoramiz aholisining 5 mlrd kishisi suv tanqisligidan aziyat chekishi mumkin.

23 mart kuni konferensiyaning yuqori darajadagi yalpi majlisida mamlakatimiz delegatsiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva nutq so‘zlab, BMT minbaridan Orol dengizi fojiasining oqibatlari, ularni yumshatish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar va bu boradagi xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishda O‘zbekistonning yetakchiligi xususida so‘z yuritdi.

Saida Mirziyoyeva Orolbo‘yidagi Mo‘ynoq ilgari yirik ishlab chiqarish quvvatlariga ega port shahar bo‘lgani, keyinchalik muvozanat buzilib, dengizning o‘lik qirg‘oqlari kemalar qabristoniga aylanganini ta’kidlab, qoraqalpoq elining atoqli shoiri Ibroyim Yusupov ijodidan dengizning ko‘z ochib yumguncha sahroga aylanishi tasvirlangan satrlarni o‘qib berdi.

O‘zbekiston amalga oshirayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z borganda, mintaqani moliyalashtirish, iqtisodiy salohiyatini oshirish, asosiysi, matonatli qoraqalpoq elining salomatligini tiklash, hududda yashil bog‘larni yaratish uchun 14 mln dollardan ortiq mablag‘ ajratilgani aytildi.

Fojia oqibatlarini bevosita o‘z boshidan kechirayotgan Qoraqalpog‘iston xalqining matonati, mehnatsevarligi, yaratuvchanligi alohida e’tirof etildi. Mintaqaning og‘ir sharoitida, ayniqsa, ayollar kuchli g‘amxo‘rlik va ko‘makka muhtojligi, ular uchun imkoniyatlarni kengaytirish zarurligiga e’tibor qaratildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring