Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekenergo»: Mamlakatimizda 1,8 milliard kVt.soat elektrni tejash mumkin

«O‘zbekenergo»: Mamlakatimizda 1,8 milliard kVt.soat elektrni tejash mumkin

Foto: «O‘zbekenergo» matbuot anjumani

Xalqaro energetika agentligining ma’lumotiga ko‘ra, hozirda jahonda 1,3 milliardga yaqin aholi elektr energiya bilan ta’minlanmagan. 2,6 milliard odam ovqat tayyorlash uchun an’anaviy yoqilg‘i – o‘tin, ko‘mir va boshqalardan foydalanadi. 2035 yilga borib jahonda energiyaga bo‘lgan talab yana 35 foizga oshishi tahmin qilinmoqda. Bu haqda «2018 yilda iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash borasidagi faoliyat: erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vozifalar» mavzusidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

«Elektr energiya ishlab chiqarishni qanchalik oshirmaylik, agar uning sarfini tartibga solmas ekanmiz, yildan yilga ortib borayotgan talabni qondirish juda mushkul», – deydi «O‘zbekenergo» AJ boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev. – «Misol uchun, bugun aholi har bir xonadonda kamida bitta televizor, kir yuvish mashinasi, changyutgich, konditsioner kabi maishiy texnikalar bor. Ba’zida ulardan foydalanib bo‘lgach, tokdan uzib qo‘yilmaydi. Garchi, ular o‘chirilgan bo‘lsa-da, tok liniyasiga ulangan holda tursa, elektr energiya iste’mol qilaveradi. Birgina oddiy telefon quvvatlagichini olaylik. U tokka ulangan holda kunu tun qolsa, o‘rtacha bir oyda 1,5 kVt.soat, yiliga 18 kVt.soat  energiya sarflaydi. Shu bois mamlakatimizda ham xonadonlarda, ishlab chiqarish sanoatida va boshqa turli tarmoqlarda elektr energiya tejamkorligini ta’minlash ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda».

Anjumanda ta’kidlanishicha, hozirda yurtimizdagi har bir xonadonda bir yilda o‘rtacha 400 kVt.soatgacha elektr energiyasini tejash imkoniyati bor. Bu ko‘rsatkich respublika bo‘yicha 1,8 milliard kVt. soatga aylanadi. Ushbu tejalgan energiya bilan aholisi o‘rtacha bo‘lgan bir viloyatni bir yil mobaynida uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlash mumkin.

«Elektr energiyani tejash orqali ekologik barqarorlikka ham munosib ulush qo‘shish mumkin. Misol uchun, 1 kVt.soat elektr ishlab chiqarish jarayonida atmosferaga 0,6 kilogramm ko‘mir chiqindisi, 0,12 metr kub is gazi chiqadi», – deya qo‘shimcha qiladi Mustafoyev. – «Demak, har bir iste’molchi xonadonida elektr energiyadan oqilona foydalansa, ham tabiiy ne’matlarni tejashga, ham atrof-muhit musaffoligiga o‘z ulushini qo‘shgan bo‘ladi. Shuningdek, iste’molchini ortiqcha mablag‘ sarflashdan ham asraydi. Iqtisod qilingan mablag‘ jamg‘arib borilsa, ro‘zg‘orning qancha kam-ko‘stini to‘ldirish mumkin».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring