Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

O‘zbek-qirg‘iz chegarasida ro‘y bergan hodisaning videosi haqiqiymi?

O‘zbek-qirg‘iz chegarasida ro‘y bergan hodisaning videosi haqiqiymi?

Illyustrativ surat.

Foto: «Xabar.uz»

Hammasi 7-aprelda boshlandi. Shu kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida qirg‘izistonlik fuqaro F.M. o‘zbekistonlik chegarachilar tomonidan otib qo‘yilgani haqida Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati xabar berdi. Xabarda fuqaro olgan tan jarohati sababli Kerben shahridagi shifoxonalardan birida vafot etganligi bildirilgan. Ammo shundan keyin bir-biriga zid axborotlar tarqala boshladi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarni yashin tezligida aylanib chiqqan videolavha va undagi ayanchli tasvirlar ortidan bu masalaga qiziqish yanada kuchaydi.

Natija ko‘p kuttirmadi — bugungi kunga kelib, ochiq aytish kerakki, shaxsi noma’lum bo‘lgan o‘zbek chegarachisi virtual olamda aybdorga aylantirildi. Lekin ehtiroslarni chetga surib, aniq faktlarga tayanadigan bo‘lsak, qanday manzaraga duch kelamiz?

Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati xabaridan so‘ng O‘zbekiston hukumatidagi manbalar ommaviy axborot vositalariga voqealar rivoji boshqacha kechganini ma’lum qilishdi. Unga ko‘ra 1984-yilda tug‘ilgan Qirg‘iziston fuqarosi F.M. dastlab O‘zbekiston hududida bo‘lgan. Chegarachilar uni to‘xtatishga uringan, lekin qirg‘izistonlik fuqaro buyruqqa bo‘ysunmagan hamda qochishga tushgan. So‘ng chegarachilar avval havoga o‘q uzishgan, yana harakat to‘xtamagach, F.M.ga nisbatan qurolli harakat bo‘lgan.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi 7-aprel kuni o‘zbek-qirg‘iz chegarasida yuz bergan voqea munosabati bilan O‘zbekistonga nota ham yo‘lladi.

8-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri Sapar Isakov bilan telefonda suhbatlashishdi. Hukumat portali xabariga ko‘ra, ikki davlat bosh vazirlari o‘zbek-qirg‘iz chegarasida Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosining o‘limi bilan yakunlangan voqeani muhokama qilishgan.

Ko‘rinib turibdiki, har ikki tomondan masalaga jiddiy yondashilmoqda, ikki taraflama tuzilgan maxsus komissiya vaziyatni o‘rganmoqda.

Keling, shu o‘rinda chegara tushunchasiga to‘xtalsak. Chegara – quruqlik, suv yoki havodagi aniq hududni belgilovchi chiziq (liniya) bo‘lib, bu chiziqdan so‘ng yoki oldin u yoki bu davlatning suvereniteti va qonunchiligi amal qiladi*. Odatda davlatlar orasida aniq chegaralar o‘rnatilganidan so‘ng ikki davlat o‘rtasida neytral hudud qoldiriladi va ikki tomondan chegara chiziqlari tortiladi.

Har bir davlatning aniq va deyarli barcha davlatlarning qisman noaniq, ya’ni bahsli chegaralari bor. Sobiq ittifoq davrida respublikalar o‘rtasidagi chegaralar nisbiy tushunchalar bo‘lganligi uchun bu mavzu ko‘tarilmagan. Ammo respublikalar birin-ketin mustaqillik maqomini olishgach, chegaralarning aniqligi bo‘yicha muammolar kelib chiqa boshladi. Xususan, aynan bugungi mavzumizga asos bo‘lgan Qirg‘iziston bilan chegara bo‘yicha ham bahsli hududlar bo‘lsa-da, ko‘p yillar davomida bu masala yopiqligicha qoldi.

Prezidentimiz o‘z faoliyatini boshlaganidan so‘ng dastlabki amalga oshirgan ishlaridan biri qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, xususan, chegaralarning delimitatsiyasi (muzokaralar yo‘li bilan ikki davlat tomonidan tan olinishi) va demarkatsiyasi (aniqligi va maxsus belgilar qo‘yilishi) masalasi ustida muayyan ishlar olib borildi. O‘zaro chegarada hamon bahsli hududlar mavjud bo‘lsa-da, asosiy qismi delimitatsiyasi yakunlandi.

Chegara punktlari ochildi, yangilari ishga tushirildi, o‘zaro o‘tib qaytishda qator yengilliklar berildi. Hozirda har ikki tomondan o‘rtacha o‘n ming kishi chegaradan qonuniy ravishda o‘tib qaytmoqda.

Ammo shuncha imkoniyatlar yaratilganiga qaramay hanuz qonunbuzarlar uchrab turibdi, ziddiyatli holatlar kelib chiqmoqda, chegarani buzish, noqonuniy kesib qayd etilmoqda.

Muhokamaga sabab bo‘layotgan Qirg‘iziston fuqarosining o‘limi ham aynan shunday holatlar sababli yuzaga kelgan.

Endi tarqalgan videolavhaga e’tibor qaratamiz.

Birinchi e’tibor qilish kerak bo‘lgan jihat — tasvirda aniq chegara chizig‘idan asar ham yo‘q. Agar ikki qarichli ariqni orografik (tabiiy) chegara chizig‘i deb hisoblaydigan bo‘lsak, odamlar undan bemalol hatlab yurishibdi va tabiiyki qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yishmoqda.

Ikkinchi jihat — O‘zbekiston chegarachisi deya ta’kidlanayotgan askarning harbiy libosiga nazar tashlaymiz. Bu liboslar O‘zbekiston Respublikasi chegara qo‘shinlari askarlarining liboslaridan farqlanadi. Qolaversa, ikki askarning liboslari ikki xil, bu hol ham shubhaga sabab bo‘ladi.

Uchinchi jihat — qurollangan chegarachining shunday murakkab vaziyatda, odamlar jahl otiga minib turgan bir paytda ularning oldidan ketmasligi, odamlardan biri chegarachini ursa-da, indamay turaverishi g‘alati. Qurollangan chegarachi o‘z oldiga begona hech kimni sababsiz yaqinlashtirmaydi.

To‘rtinchi va eng muhim jihat — chegarachi askar hech kimni sababsiz birdaniga otib tashlamaydi! Chunki u buning uchun o‘ta jiddiy javobgarlik borligini yaxshi his qiladi.

Agar bu video haqiqiy bo‘lsa (avvalo buni aniqlash lozim), chegarachi chindan ham Qirg‘iziston fuqarosini otib tashlab, yana voqea joyida uzoqlashmay turgan ekan buning asosli sabablari bo‘lishi kerak. Aynan mana shu sabablarni aniqlash uchun ikki tomonlama komissiya ishlamoqda va biz bu komissiya xulosasini hamda DXX Chegara qo‘shinlari boshqarmasining rasmiy bayonotini kutishni afzal bilamiz.

Shuni alohida qayd etish kerakki, ijtimoiy tarmoqlarda zo‘r berib tarqatilayotgan video qachon va kim tomonidan tasvirga olingani ma’lum emas. Nazarimizda, kimlardir yuzaga kelgan vaziyatdan ustamonlik bilan foydalanishga, ikki davlatning kundan-kunga iliqlashayotgan munosabatlariga raxna solishga urinayotgandek. Har holda yuqoridagi mushohadalar ana shunday xulosaga olib kelmoqda.

Shoshilib xulosalar chiqarish, tergov-surishtiruv yakuniga yetmasdan yuzaki ma’lumotlarga asoslanib ehtiroslarga berilish, eng muhimi, sud hukmi o‘qilmaguncha kimnidir aybdor qilish amaldagi qonunchiliklarga ham, insoniylikka ham to‘g‘ri kelmaydi.

Eng muhimi, provokatsion xarakterdagi bu ma’lumotlar va ularga qoldirilayotgan izohlar ikki davlat orasidagi yangi bosqichga chiqqan munosabatlarga va qardosh xalqlar orasiga sovuqchilik tushirishidan ehtiyot bo‘lish shart.  

* Bu chegara tushunchasining eng oddiy shakli bo‘lib, turli davlatlar va maxsus xizmatlarda yanada kengroq talqinlar, tushuntirishlar beriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring