O‘zbek-qirg‘iz chegarasida lahm kovlaganlarga sud hukmi o‘qildi (video)
2022-yilning 23-iyun kuni Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida «o‘zbek-qirg‘iz» davlat chegarasidan o‘tuvchi yashirin yer osti yo‘li fosh etilgani haqida xabar berilgan edi.
Sud tergovida aniqlanishicha, Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida yashovchi, 1991-yilda tug‘ilgan ayblanuvchi «o‘zbek-qirg‘iz» davlat chegaraoldi hududida joylashgan hovli uylardan sotib olib, ularning ko‘cha tomon qismlarini baland devorlar bilan to‘sgan va jinoiy harakatlarini maskirovka qilish maqsadida har ikkala uyda, ya’ni Qirg‘iz Respublikasi hududidan sotib olgan xonadonda penablok ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan, O‘zbekiston Respublikasi hududidan sotib olgan uyda esa chorvachilik tashkil etgan.
So‘ngra Dang‘ara tumanida istiqomat qiluvchi, 1984-1993-yillar oralig‘ida tug‘ilgan 5 nafar fuqaroni yer osti yo‘li qazishga yollagan.
Yer osti yo‘li qurib bitkazilganidan keyin, u orqali Qirg‘iz Respublikasidan noqonuniy tadbirkorlarning tovar-moddiy boyliklarini, xususan, mobil telefon apparatlar, matolar, tibbiyot buyumlari va dori vositalarini mamlakatimizga, O‘zbekistondan esa ko‘p miqdordagi xorijiy valyuta qimmatliklarini qo‘shni davlatga o‘tkazish bilan shug‘ullangan.
Qo‘lga olingan kuni ham avtomashinasidan tegishli hujjatlari bo‘lmagan, umumiy bahosi 7,6 mlrd so‘m (dastlabki ma’lumotda 15 mlrd so‘m)ni tashkil qiluvchi, 38 turdagi 2 707 dona mobil telefon apparatlari topilgan.
Aniqlangan ushbu holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.
Farg‘ona viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining hukmi bilan mazkur shaxslar Jinoyat Kodeksining 182 va 223-moddalari bilan aybdor deb topilib, ularning 3 nafariga 6 yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum etish jazosi, qolgan 3 nafariga esa axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Shuningdek, jinoyat ishi doirasida ashyoviy dalil sifatida olingan 7 mlrd 603 mln 650 ming so‘mga baholangan 2 707 dona mobil telefon apparatlari davlat egaligiga o‘tkazilishi belgilandi.
Bundan tashqari, Rishton tumani Qozi Ahror mahallasi, A.Temur 3-tor ko‘chasida joylashgan umumiy yer maydoni 1 524 metr kvadrat bo‘lgan uy davlat egaligiga o‘tkazilishi va ushbu uydagi yer osti yo‘li tegishli tartibda ko‘mib tashlanishi belgilandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter