Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek olimlarining maqolalari xalqaro jurnallarda bepul chop etiladi

O‘zbek olimlarining maqolalari xalqaro jurnallarda bepul chop etiladi

Foto: «Xabar.uz»

Bugun poytaxtimizdagi «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Niderlandiyaning «Elsevier» kompaniyasi bilan birgalikda «SCOPUS» va «ScienceDirect» xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazalari mahsulotlari uchun Milliy bitimni tantanali imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov, «Elsevier» kompaniyasi vitse-prezidenti Feliks Xayest, kompaniyaning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bo‘yicha mintaqaviy direktori Aliya Ospanova, Innovatsiyani rivojlantirish vazirligi, Fanlar akademiyasi va Jahon banki vakillari, ta’lim muassasalari rahbarlari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Aytish kerakki, bugungi kunda o‘zbek olimlarining ilmiy faoliyati, tadqiqodlarini xalqaro miqyosda namoyon etish, bu haqda xalqaro jurnallarda nashr etish masalasi talab darajasida emas. Buning sabablari yetarlicha. Shu paytga qadar ilmiy maqolalarni nufuzli jurnallarda chop etishda muammolarga duch kelgani, yosh olimlar yetarlicha qo‘llab-quvvatlanmagani, mualliflar o‘z maqolalalarini e’lon qilishi uchun muayyan miqdorda haq to‘lashga majbur ekani ushbu muammolarning bir qismi xolos. Bu esa O‘zbekiston ilm-fanining xalqaro reytinggiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgani bor gap.

Shu bois mamlakatimiz ilm-fani o‘z o‘rnini topishida bugun imzolangan bitim alohida ahamiyatga ega. Gap shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 22-martdagi «Xalqaro Rivojlantirish Assotsiatsiyasi ishtirokidagi oliy ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Gollandiyaning «Elsevier» kompaniyasi bilan hamkorlikda «Ilm-fan 2020» milliy rivojlanish dasturini ishlab chiqdi.

Foto: «Xabar.uz»

Dasturdan ko‘zlangan maqsad — mamlakatimizda ilmiy salohiyatni oshirish, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining ilmiy tadqiqot faoliyati samaradorligini oshirish, jahon ta’lim resurslari, zamonaviy ilmiy adabiyotlarning elektron kataloglari va ma’lumotlar bazalariga kirish imkoniyatlarini yaratishdan iborat. Shu bois vazirlik hamda «Elsevier» kompaniyasi o‘rtasida imzolangan bitim ana shu maqsadga xizmat qiladi. Soddaroq qilib aytganda, o‘zaro hamkorlik natijasida yurtimizdagi ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, olimlarimizning dunyo ilmiy reytingidagi o‘rnini ko‘tarishga, respublika ilmiy jurnallarini «SCOPUS» va «ScienceDirect» xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazasi tizimiga kiritishga, yosh olim va doktorantlarga ilmiy maqolalar tayyorlash va ularni yuqori impakt-faktorga ega bo‘lgan ilmiy nashrlarda chop etishga ko‘maklashadi. Kompaniyaning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bo‘yicha mintaqaviy direktori Aliya Ospanovaning aytishicha, maqolalar qiziqarli, sifatli va ommabop bo‘lsa, ularni kompaniya tasarrufidagi jurnallarda e’lon qilish uchun haq to‘lanmaydi.

Foto: «Xabar.uz»

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, «Elzevir» (Elsevier) — fan, ta’lim va tibbiyot sohasida innovatsion yechimlarni va mahsulotlarni taklif etadigan jahondagi eng yirik nashriyotlardan biri hisoblanadi. Kompaniyaning qarorgohlari Amsterdam, London, Nyu-York shaharlarida joylashgan bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab 70 ga yaqin ofislari bor. Nashriyot «Reed Elsevier» media-xoldingning bir qismi bo‘lib, u jahonning eng yirik 500 kompaniyalari ro‘yxatiga kiradi. 2500 dan ortiq jurnallar, 20000 ga yaqin kitob va ma’lumotnomalarni chop etadi. Nashriyotda «Scopus» ilmiy nashrlar va sitata keltirish ma’lumotlar bazasini olib boradi, «Science Direct» ilmiy nashrlarni tarqatish tizimini rivojlantiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring