Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy ta’lim vazirligi Prezident taqiqlagan xaridni amalga oshirdimi?

Oliy ta’lim vazirligi Prezident taqiqlagan xaridni amalga oshirdimi?

Davlat xaridlari portalining ochiq ma’lumotlariga ko‘ra, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi joriy yil 29 iyun kuni 409 million so‘mga Skoda Kodiaq avtomobilini sotib olgan. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev esa 2022-yilning 31-mart kuni makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyatdan kelib chiqib hudud va tarmoqlarni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgan va unda joriy yil yakuniga qadar barcha hokimlik, vazirlik va idoralarga moliyaviy manbasi aniq bo‘lmagan qurilishlarni boshlash hamda bino ta’mirlash, avtomobil, mebel, ofis anjomlari xarid qilish kabi qo‘shimcha xarajatlarni amalga oshirishni qat’iyan taqiqlagan edi. 

Xo‘sh, vazirlikning yuqorida xarid qilgan xizmat avtomobili qanday qilib bu taqiqni chetlab o‘tdi?

Gap shundaki, Davlat xaridlari portaliga joylashtirilgan hujjatlarga ko‘ra, 2022-yil 15-iyun kuni Prezident Mirziyoyev rahbarligida kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan va unda aholini kasb hunarga tayyorlashga doir masala ko‘rilgan.

Ushbu yig‘ilish Bayonnomasining 37-bandiga ko‘ra «Moliya vazirligi (Ishmetov) hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (Toshqulov)ga yangi tashkil etilgan vazir o‘rinbosari lavozimi uchun vazirlikning Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 (bir) dona biriktirilgan xizmat yengil avtotransport vositasi xarid qilinishiga ruxsat» berilgan.

Eslatib o‘tamiz, yuqorida keltirib o‘tilgan 409 million so‘mlik Skoda Kodiaq avtomobili Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining professional ta’limni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Sadoqat Siddiqova uchun xarid qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring