O‘zbek olimlari qayerdasiz?
Shu paytga qadar gripp va shamollash kabi virusli kasalliklar havo-tomchi orqali yuqadi deb hisoblardik. Koronavirus shu qadar jiddiy tus oldiki, bu kabi kasalliklar aynan qo‘l orqali yuqish xavfi yuqori ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ya’ni, qo‘l bilan ko‘rishish va bemor odamning qo‘l bilan ushlagan joyga yuqtirish xavfi anglandi, nihoyat.
Yangi kashfiyotlarga ehtiyojlarni mana shunday qiyin vaziyatlar keltirib chiqaradi. Ilmiy ishlar, tahlillar, qurbonliklar natijasida insoniyatga foyda keltiriladigan kashfiyotlar dunyoga keladi. Bugun butun dunyo koronavirus sabablarini aniqlash va davo choralarini izlayapti. Olimlar jiddiy izlanishda. Va mana shunday hodisalar tufayli yangi ixtirolar kashf qilinadiki, kelgusida bunday vaziyatlarga qarshi kurashish uchun bu katta imkoniyatdir. Masalan, Xitoyda COVID-19 kasalligini aniqlash uchun sun’iy intellekt texnologiyasiga asoslangan kompyuter tomografiyasidan foydalanish boshlandi.
Ishlanma mualliflariga ko‘ra, kompyuter algoritmlari yangi koronavirusni pnevmoniyaning boshqa turlaridan ajratib olishda yordam beradi.
«Keszi jibao» gazetasi yozishicha, tizim Xitoy saratonga qarshi kurash uyushmasi hamda Tyanszin shahridagi Milliy superkompyuter markazi hamkorligida yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda tizim Tyanszindagi Milliy kompyuter markazida sinovdan o‘tyapti. Eslatib o‘tamiz, Xitoyning birinchi superkompyuteri — «Tianhe-1» shu markaz tomonidan ishlab chiqilgan.
Yana Xitoyda Sun Yatsen universiteti tadqiqotchilari mavsum va harorat o‘zgarishi koronavirus tarqalishiga qanday ta’sir ko‘rsatishini aniqlashdi. Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, infeksiya Selsiy bo‘yicha +8,72 darajada o‘zini juda yaxshi «his qiladi». Amerikalik olimlar COVID-19 koronavirus infeksiyasining o‘rtacha inkubatsion davri 5,1 kunni tashkil etishini aniqlashdi.
Singapurlik bir guruh shifokorlar yangi tipdagi koronavirus chaqirgan kasallikning yangi alomatlarini aniqlashgan. Tadqiqot natijalari «Lancet» jurnalida chop etilishga ham ulgurdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bir qancha bemorlarga dastlab denge isitmasi tashxisi qo‘yilgan. Ular yuqori tana harorati va qichiydigan toshmadan shikoyat qilishgan. Lekin ularda koronavirusning mashhur alomatlari, ya’ni tumov, balg‘amli yo‘tal, tomoqdagi og‘riq kuzatilmagan.
Denge isitmasida muolaja yordam bermagan. Bemorlar nafas olishga qiynalishdan shikoyat qilgandan so‘ng ularni yana koronavirusga tekshirishdi. Tahlil natijalari virus borligini ko‘rsatdi.
Londonda esa xavfli virusga qarshi vaksinani ishlab chiqish uchun sinovlarda qatnashgan ko‘ngillilarga 3500 funt sterling (4 580 AQSh dollari) to‘lanadi. Bu haqda «Daily Mail» xabar bergandi.
Londonning Uaytchepel hududida joylashgan Queen Mary bio-korxonalar innovatsion markazi tadqiqotlar uchun 24 nafar jamoatchilik a’zolarini jalb qilmoqda. Ularning organizmiga xavfli virusning ikki kuchsiz turidan yuboriladi va koronavirus alomatlari «chaqirtiriladi». So‘ng Hvivo kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan vosita sinovdan o‘tkaziladi. Uning samaradorligini tekshirish uchun bemorlar ikki hafta davomida karantinda saqlanadi.
Bundan tashqari, yana 35 ga yaqin vaksina ishlab chiqilmoqda va Britaniya hukumati koronavirusga qarshi kurashish uchun qo‘shimcha 46 million funt ajratishga va’da bermoqda.
Biz esa hamma narsani xorij kashf qilishiga o‘rganib qolganmiz. Balki olimlarimiz ham izlanib ko‘rishar. Qaysi odamlarga bu kasallik oson yuqadi, kimlarga yuqmaydi, kimda yengil o‘tadi, kimda og‘ir. Bizning mamlakatga moslashishi qay darajada, qanday mahsulotlarni iste’mol qilsa bu kasallik ortga chekinadi, nimani ko‘proq iste’mol qilish kerak, undan saqlanishning yana qanday choralari bor, O‘zbekistonda bu kasallik qancha yashaydi?..
Kasallik bizga yetib kelmagan bo‘lsa, buni o‘rganishning imkoni yo‘q deb bahona qidirish kerak emas. Ilm-fan fidoyilik, kerak bo‘lsa qurbonlik talab qiladi. Ahli olimlarimizning mana shu koronavirus ustida izlanish olib borayotganlar bilan hamkorlik qilishi O‘zbekiston aholisi uchun katta amaliy yordam bo‘lishi mumkin.
To‘g‘ri, bu kasallik insoniyat boshiga tushgan ko‘rgulik, lekin yana bir bor shunday ko‘rgulik boshga tushmasligi uchun kashfiyotchilar harakat qilishiga katta bir IMKONIYaT hamdir. O‘zbek olimlari qayerdasiz?
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter