Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek olimlari Alisher Navoiy maqbarasini ziyorat qilishdi

O‘zbek olimlari Alisher Navoiy maqbarasini ziyorat qilishdi

Foto: «Uza.uz»

2021-yil 7-8-aprel Afg‘oniston Respublikasining Hirot shahrida Alisher Navoiyga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi. Buyuk mutafakkir hayoti va ijodini o‘rganishga bag‘ishlangan tadbir ishtirokchilariga Afg‘oniston rahbari Ashraf G‘ani ham videomurojaat yo‘llab, Mir Alisher Navoiy nafaqat turkiy xalqlar, balki fors adabiyotida ham muhim o‘rin tutuvchi siymolaridan biri ekani, bu ulug‘ zot Afg‘oniston zamininig ham buyuk iftixori ekanini dariy, so‘ng o‘zbek tilida e’tirof etdi.

Anjumanda O‘zbekiston, Ozarboyjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston singari mamlakatlardan ham bir qator adabiyotshunos olimlar ishtirok etdi. Buyuk shoir hayoti va faoliyati haqida ma’ruzalar, shoir g‘azallaridan namunalar, kuy-qo‘shiqlar tinglandi.

«Hirot azaldan Sharq tamaddunining qadimiy beshiklaridan biri sanaladi. Men ham bu ulug‘ allomaning ona shahrini ziyorat qilish, Navoiy maqbarasini ko‘rishni Alisher Navoiy ijodi bilan shug‘ullanishni boshlaganim — 40 yildan beri orzu qilardim. Bugun bu orzuim amalga oshdi. Agar tinchlik va osoyishtalik hukm sursa, afg‘onistonlik olimlar, madaniy markazlar bilan ham aloqalar o‘rnatilsa, teran tomirlarimiz, mushtarak merosimizni tadqiq etishda yangi-yangi marralar zabt etilgan bo‘lar edi», — dedi O‘zbekistondan borgan navoiyshunos olim, filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov.

Ta’kidlanganidek, buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy Hirotda tavallud topgan, shu yerda temuriy sulton Husayn Boyqaro hukmronligi davrida yashab ijod qilgan. O‘z davrida Navoiy rahnamoligida Hirotda qator masjidu madrasalar, ta’lim va shifo maskanlari bunyod etilgan. Ul zotning maqbarasi ham ayni shu shaharda. So‘nggi yillarda ikki mamlakat hukumati hamkorligida Alisher Navoiy maqbarasi qayta tiklandi. Hozirda uning atrofida Navoiy bog‘ini tashkil etish ishlari jadal olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring