Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mir Alisher Navoiyning otasi kim edi?

Mir Alisher Navoiyning otasi kim edi?

Uzoq yillar davomida temuriylar sulolasiga xizmat qilgan bul bandani Xurosonning eng so‘lim, katta shaharlaridan bo‘lgan Sabzavorga hokim qilib tayinlash haqida podshoh Abulqosim Bobur farmon berdi. Shundan keyin Xurosonda «katta shaharga «kichkina» hokim tayinlanibdiki, u adolatli, ma’rifatli emish», degan ovozalar tarqaldi. Shu tariqa 1453-yili hirotlik G‘iyosiddin «kichkina» hokim qilib tayinlangan Sabzavor shahriga oilasi bilan jo‘nab ketdi.

Vadud Mahmudiyning 1925-yil «Maorif va o‘qituvchi» jurnalining 3-sonidagi maqolasida yozilishicha, «Alisherning otasi Ganjinai Bahodur Temur bolalarining xizmatlarida yuraturg‘on ma’murlaridan biri edi va hijo vazni bilan she’rlar aytganidan shoirlik ila mashhur bo‘lmish edi va shuning uchun kichik baxshi deb atar edilar. Ganjinai Bahodur o‘zi ham ilm va fazl odami bo‘lg‘onlikdan Alisherning tarbiyasiga kichik yoshdan ahamiyat berdi. Navoiy otasining qo‘lida ekan, ilmiy, adabiy bir muhitda edi. Otasi an’anaviy bir shoir bo‘lish sifati bilan ham asriy va tarbiyaviy adabiy ta’sir ijro etdi. Shuning uchunda Navoiy eng kichik yoshindan she’r ayta boshladi».

Darhaqiqat, Alisherning otasi G‘iyosiddin Mansur avlodlarining Shahrisabzdan Xurosonga borib qolgan ilmli inson, Temuriylar xizmatidagi amaldor ekanligi to‘g‘risida boshqa manbalar ham mavjud. Xususan, Navoiyning zamondoshi, tarixchi Mirxondning «Ravzatus-safo» kitobida qayd etilishicha, «Amir Alisherning bobosi Amir Temurning o‘g‘li Umar Shayx bilan ko‘kaldosh (ya’ni, emikdosh, bir onani emgan bolalar) edi».

O‘sha davrda yashagan Davlatshoh Samarqandiy ham «Majmaush-shuaro» asarida «Bu dongdor amir (ya’ni Navoiy)ning buyuk martabali otasi o‘z vaqtining mashhurlaridan va Chig‘atoy elining qahramonlaridan bo‘lgan», deb yozgan.

«Tomut tavorix» asari muallifi Abdulmo‘minxon Alisherbekning otasi Kichkina Baxshi chig‘atoy ulusidan, ya’ni Movarounnahrdan ekanligini ta’kidlab o‘tgan. Bobur esa, «Alisherbek begi emas edi, musohibi (ya’ni, podshohning yaqin suhbatdosh, sirdosh, ulfat do‘sti) edi», deya ta’kidlaydi «Boburnoma»da.

Navoiy hazratlarining o‘zi «Badoyeul-bidoya»da o‘z oilasining temuriylar xonadoniga yaqin, «ota-onadan yetti pushtigacha oliy darajali xonadonning samimiy xizmatchisi» bo‘lganini ta’kidlab, ushbu bitikni yozgan:

«Otam bu ostonaning xokbezi,

Onam ham bu saro bo‘ston kanizi,

Manga gar xud bo‘lay bulbul va gar zog‘,

Ki ushbu dargoh o‘lgay gulshanu bog‘».

Xullas, temuriylardan bo‘lgan Abulqosim Bobur saroyida «baxshi» (mahkama, devonxona xodimi) bo‘lib ishlayotgan shoir G‘iyosiddin «kichkina» 1453-yilda Sabzavorga hokim qilib tayinlanadi.

Sabzavor Xurosonga qarashli Hirot, Astrobod, Nishopur kabi salobatli shaharlaridan bo‘lmasa-da, Bastom, Abivard, Domgon, Nishopur, Mashhad shaharlariga yaqin kattagina hudud edi.

Sabzavordan Zafaroni, Rind, Bafre Mehr daryolari oqib o‘tar, bu shahar abbosiylar, ummaviylar davrida shialar markazi bo‘lgan. XIV asrda bu yerda ham sarbadorlar harakati keng yoyilgandi. 1381 yildan esa Sabzavor Amir Temurga qarashli shaharga aylangan edi.

G‘iyosiddin «kichkina» hokim bo‘lgan 1453–1457- yillarda shahar atrofi bog‘zor va hosildor ekinzorlarga aylandi. Sabzavor ahli ma’rifatli va adolatli G‘iyosiddinni hurmat qilib, uning amriga quloq solar, aytilgan soliq hamda zakotni o‘z vaqtida to‘lab turardi.

G‘iyosiddin qora to‘riq otga minib, egnida jubba, boshida telpak bilan harbiy kiyimdagi ikki mulozimi ila sabzavorliklar holidan tez-tez xabar olar, beva-bechora, kambag‘al xonadonlarning soliqlarini o‘z hisobidan to‘lab yuborardi.

Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat» asarida otasining Astrobodga borganida ro‘y bergan bir voqeani keltirib o‘tadi:

«Podshoh hukmi bila bir ish uchun Astrobod viloyatiga borur erdim. Yo‘lda bir majnunsifat yigit yo‘liqti. Bir dirham tanga tuta berdim, olmadi. Men bir kurta jubba kiyib erdim. Dedi: «Kurta jubbani oluram». Havo sovuq erdi. Men otni surib o‘tdim. Manzilga yetganda hamul yigit yana keldi. Yana dediki: «Kurta-jubbani oluram». Astrobod dahanasidan kirduk. Bir darvesh yalang erdi. Ul kurta-jubbani ul darveshga berdim. Bir lahzadan so‘ngra hamul yigit yetishdi va menga boqib dediki, kurta-jubbani oldim. Menga taajjub yuzlandi... Hirot shahridan Bobo Ko‘hiy ovozasi kelur erdi. Men Hiriyga kelgandin so‘ng bordimki, anga musharraf bo‘lg‘aymen. Ko‘rdimki, hamul yigit erdi».

Ha, shoirga xos bag‘rikenglik unga otasi G‘iyosiddindan o‘tgan, desa bo‘ladi, buni yuqoridagi voqea ham tasdiqlab turibdi.

Ayni paytda otasi va onasi Hirotdan Sabzavorga kelgan Bahlulbek, Alisherbek hamda kenjatoy, bir oz o‘jarroq, kam o‘ylab, tez jahli chiqadigan Darveshalibeklarning o‘qishiga e’tibor qaratgan. Shuningdek, hokim janoblari Jebarrud daryosi yoqasidagi, gulzor va yam-yashil daraxtlarga to‘la muhtasham hovlisida Sabzavorning ma’rifatli ulamolari bilan suhbat qurardi. Chunonchi, o‘zi bilan podshoh farmoniga ko‘ra, Hirotdan Sabzavorga qozi qilib tayinlangan mulla Abdulvahob, olimu fuzalo Darvesh Mansur, musiqachi Xo‘ja Yusuf Burhon, Yahyo Sebak, Hofiz Ali Jomiy, fuzaloi Kirom xo‘ja Ahmad Mustavfiylar bilan shahardagi vaziyat, xalq hayoti, san’atga oid mashvaratlar o‘tkazib borgan. Ushbu yig‘inlarda ma’rifatli zotlar, Sabzavordan yetishib chiqqan mashhur shoir Mir Shohiyni eslab, she’rlarini o‘qib turishardi. Zero, bu zoti Sharif shoir 1453 yili G‘iyosiddin Sabzavorga endi hokim bo‘lib kelganida vafot etgan, 12 yoshli o‘g‘li Alisherbek esa uch-to‘rt yilki, sabzavorlik mashhur shoir Shohiy bilan, garchi uchrashmasalar-da, maktub yozib, aloqa o‘rnatgan edi.

G‘iyosiddin hokim sifatida nafaqat o‘zining uchala o‘g‘liga, balki sabzavorliklarning farzandlari ilm olishiga ham e’tibor berib, Chinorli madrasasidagi ilmi toliblar holidan xabar olib turgan. U hujralarga kirib, toliblarning yashash sharoiti bilan tanishar, olayotgan saboqlari bo‘yicha savol-javob ham qilardi.

Sabzavorning ana shunday ma’rifatli, adolatparvar hokimi G‘iyosiddin 1457-yilda vafot etgan. Bu paytda o‘g‘illari Bahlulbek endigina 18-19 yoshga, Alisherbek 16 yoshga qadam qo‘yayotgan, kenjatoy Darveshali esa ancha yosh bola edi.

Umid Bekmuhammad,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring