Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek ilm-fani og‘ir judolikka uchradi

O‘zbek ilm-fani og‘ir judolikka uchradi

Foto: «Xalq so‘zi»

Mehnat iqtisodiyoti va mehnat resurslaridan foydalanish muammolari sohasida yetakchi olima, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Ubaydullayeva Ra’no Axatovna 84 yoshida vafot etdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi xabariga tayanib «Xalq so‘zi» ma’lum qildi.

Akademik Ra’no Axatovna Ubaydullayeva — iqtisodiyot fanlari doktori, professor, O‘zbekiston fanlar akademiyasi akademigi, inson resurslaridan, xususan, O‘zbekistonda va Markaziy Osiyo respublikalarida xotin-qizlar mehnat resurslaridan foydalanishning mintaqaviy kompleks muammolari bo‘yicha tadqiqotlar tashkilotchilaridan biridir. O‘zbek jamoatchilik fikri sotsiologiya maktabi bugungi kunda nafaqat O‘zbekistonda, balki MDH mamlakatlari hamda xorijiy ilmiy jamoatchilik tomonidan e’tirof etilgan. Akademik R.A.Ubaydullayeva YuNESKO MOST muvofiqlashtiruvchi qo‘mitasi, Ijtimoiy fanlar bo‘yicha xalqaro kengash raisi etib saylangan. U xalqaro sotsiologik ilmiy jurnallarning tahririyat kengashlarida O‘zbekiston vakili sifatida faoliyat yuritgan.

R.A.Ubaydullayeva 400 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi bo‘lib, ularning aksariyati Rossiya, Ukraina, Belarus, AQSh, Italiya, Shveysariya, Fransiya, Germaniya va boshqa mamlakatlarda chop etilgan. Olima gazeta va jurnallar sahifalarida katta targ‘ibot ishlarini olib borgan, ko‘plab ilmiy kadrlar tayyorlagan. Ra’no Axatovna 100 dan ortiq dissertatsiyalar, jumladan, 50 dan ortiq nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarining ilmiy rahbari, maslahatchisi va opponenti bo‘lgan.

U O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi «Jamoatchilik fikrini o‘rganishning dolzarb muammolari: nazariya, usul, amaliyot» respublika ilmiy-amaliy seminari rahbari hamda «Ijtimoiy fikr» markazi rahbari sifatida samarali faoliyat yuritdi. Shuningdek, Markaziy Osiyo tadqiqotlari bo‘yicha Yevropa jamiyati hamda AQSh Milliy geografik jamiyati a’zosi ularga mukofot berish bo‘yicha davlat komissiyasi kabi ko‘plab xalqaro tashkilotlarning a’zosi edi, deyiladi xabarda.

Xabar.uz jamoasi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring